
Rossiya Ilon Maskni siyosiy boshpana bilan ta’minlashga tayyor
Ilon Mask va Donald Tramp o‘rtasidagi keskin nizodan so‘ng, Rossiya Davlat Dumasida milliarderga siyosiy boshpana taklif qilishga tayyor ekanini bildirishdi.

Rossiya Davlat Dumasi Xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Dmitriy Novikov TASS agentligiga ma’lum qildi.
Novikovning so‘zlariga ko‘ra, Mask siyosiy boshpanani talab qilmaydi, ammo zarurat tug‘ilsa, Rossiya unga bunday imkoniyatni yaratishi mumkin. Deputat Mask va Tramp o‘rtasidagi ziddiyat demokratlarga avtomatik ko‘mak sifatida baholanmasligini ham qo‘shimcha qildi.
Ikki milliarder o‘rtasidagi ochiq tortishuv Mask Trampning soliq imtiyozlarini uzaytirishga qaratilgan qonun loyihasini tanqid qilganidan so‘ng boshlandi. Mask uni «jirkanch» deb atadi. Ekonomistlar fikricha, bu qonun AQSH byudjeti kamomadini 600 mlrd dollarga oshirishi mumkin.
Tramp Maskning tanqidlariga javoban, davlat subsidiyalari va hukumat shartnomalarini to‘xtatish bilan tahdid qildi. Bunga javoban Mask Trampni «Epshteyn ishi»da ishtirok etishda aybladi va bu materiallar nima uchun ommaga oshkor qilinmaganini tushuntirdi. Tramp esa Maskni «ruhiy nosog‘lom» deb atadi.
Bahs siyosiy maydonga ham chiqdi. Mask vitse-prezident Jey Di Vensni Tramp o‘rniga qo‘yishni qo‘llab-quvvatladi hamda impichment tashabbusini ma’qulladi. Uning maslahatchisiga ko‘ra, Mask respublikachilarni saylovlarda mag‘lub qilish va demokratlarga moliyaviy ko‘mak berish niyatida.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, tortishuv ortidan Mask 34 mlrd dollar yo‘qotgan bo‘lsa-da, 335 mlrd dollarlik boylik bilan dunyodagi eng boy inson bo‘lib qolmoqda. Tesla aksiyalari bir kunda 14,26 foizga arzonlashdi va kompaniya kapitalizatsiyasi 150 mlrd dollarga kamaydi.
Politico ma’lum qilishicha, AQSH prezidenti va Mask o‘rtasida telefon orqali muzokara o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.





