add

Rossiya ish joylarida migrantlar ulushini qisqartirishni rejalashtirmoqda

18.08.2025 | 13:4025903

Rossiya Mehnat vazirligi 2026 yildan boshlab ayrim sohalarda chet ellik ishchilar ulushini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Rossiya ish joylarida migrantlar ulushini qisqartirishni rejalashtirmoqda
Hujjatga ko‘ra, qurilish sohasida migrantlar soni 80 foizdan 50 foizga tushirilishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi, yog‘och va pilomateriallar savdosi, o‘rmon xo‘jaligi va qayta ishlash sohalarida esa bu ko‘rsatkich 50 foizdan 40 foizga pasayishi nazarda tutilgan. Umumiy ovqatlanish muassasalarida ishchi joylarining kamida yarmi Rossiya fuqarolariga berilishi shart qilinadi. Avval bu sohada migrantlar ulushiga nisbatan cheklovlar yo‘q edi. Alkogol va tamaki mahsulotlari chakana savdosida esa ular uchun ishlash imkoniyati umuman bekor qilinishi taklif etilgan. Ilgari bu ko‘rsatkich 15 foizni tashkil etardi. Loyihada ayrim hududlarda mahalliy mehnat bozori ehtiyojidan kelib chiqib, alohida cheklovlar joriy etilishi ham nazarda tutilgan. Masalan, Amur viloyatida oziq-ovqat ishlab chiqarish, texnika ta’miri va veterinariya sohasida migrantlar faoliyati to‘liq taqiqlanadi. Ulyanovsk viloyatida esa shahar va shahar atrofidagi jamoat transport xizmatlarida ularning ishlashi mumkin bo‘lmaydi. Vazirlik bu choralar mahalliy fuqarolarni ish bilan ta’minlashga ustuvorlik berish maqsadida kiritilayotganini qayd etdi. Avvalroq Mehnat vazirligi rus tilini bilmagan migrantlarni muloqot talab qiladigan kasblarda ishlashini cheklash taklifi bilan ham chiqqan edi. Eslatib o‘tamiz, Sankt-Peterburgda migrantlarga taksichilik ortidan kuryerlik faoliyati ham taqiqlangan edi.

Teglar

Mavzuga oid