add

Rossiya Kiyev va Xarkivga ballistik raketalar bilan zarba berdi — OAV

Bugun 14:352 daqiqa

Bu zarba yil boshidan beri eng kuchli hujum sifatida qayd etildi. Ushbu hujum oqibatida qurbonlar bo‘lib, shaharlarga ko‘plab talafot keltirdi.

Rossiya Kiyev va Xarkivga ballistik raketalar bilan zarba berdi — OAV

13-yanvarga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi eng yirik ikki shahar — Kiyev va Xarkivga yil boshidan buyon eng kuchli raketa hujumini amalga oshirdi. Rasmiylar va mahalliy OAVlarga ko‘ra, Xarkov shahri atrofidagi zarba oqibatida kamida to‘rt nafar fuqaro halok bo‘lgan.

«Reuters» xabariga ko‘ra, Kiyev shahri qisqa, ammo juda kuchli raketa hujumiga uchragan. Poytaxt harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning aytishicha, hujum yuqori shiddatda kechgan bo‘lib, havo hujumidan mudofaa tizimlari favqulodda holatda ishlagan.

Ma’lum qilinishicha, Kiyevning turli hududlarida kuchli portlash ovozlari eshitilgan. Hozircha poytaxtda qurbonlar yoki jiddiy vayronagarchilik haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Ukrainadagi vaziyatni kuzatuvchi Telegram kanallariga ko‘ra, bir soatga yaqin vaqt ichida taxminan 20 ta ballistik raketa uchirilgan. Ushbu manbalar bu hujumni 2026 yil boshidan beri ko‘p vaqt davom etgan va kuchli zarba sifatida baholamoqda. Biroq bu ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagan.

Xarkiv oblasti gubernatori Oleg Sinegubov ma’lum qilishicha, shahar chetida amalga oshirilgan raketa zarbasi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana olti nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan. Xarkov Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan bo‘lib, urush davomida eng ko‘p hujumga uchrayotgan shaharlardan biri hisoblanadi.

Rossiya 2022 yil fevral oyida urush boshlanganidan beri Ukraina shaharlariga raketa va dron hujumlarini muntazam davom ettirib kelmoqda. Asosiy zarbalar energetika infratuzilmasiga qaratilgan bo‘lib, qish mavsumida millionlab aholini issiqlik va elektr ta’minotisiz qoldirgan. Ukraina havo mudofaa tizimlariga tushayotgan bosim esa yildan-yilga ortib bormoqda.

Teglar

Mavzuga oid