
Rossiya Kiyevga dronlar orqali zarba berdi
17.06.2025 | 13:3914963
Rossiya dronlari 17 iyunga o‘tar kechasi Kiyevga ommaviy hujum uyushtirdi. Hodisa oqibatida bir nafar AQSH fuqarosi halok bo‘ldi, kamida 18 kishi turli jarohatlar oldi.
17 iyun kuni tongda Kiyev shahri turli hududlarida Rossiya dronlari tomonidan berilgan zarbalar oqibatida yirik zarar ko‘rdi. Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 05:40 ga kelib jabrlanganlar soni 18 nafarga yetdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Solomenskiy tumanida ikkita turar joy binosi zararlandi: biri yonib ketgan, ikkinchisida esa konstruksiyalar vayron bo‘lgan. Qutqaruvchilar hozirda vayronalar orasidan odamlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
Dneprovskiy tumanida esa «Shahed» turkumidagi dronning bo‘laklari turar joy devoriga tirkashgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hodisada halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar qayd etilmagan.
Shuningdek, Darnitskiy va Svyatoshinskiy tumanlarida ham yong‘inlar qayd etilgan. Goloseyevskiy tumani va Darnitskiyning ayrim qismlarida avtomatik himoya tizimi ishga tushgani sababli elektr ta’minoti uzilgan. Elektr ta’minotini tiklash ishlari davom etmoqda.
Kiyev shahar hokimi Vitaliy Klichko esa Solomenskiy tumanidagi tibbiy yordam nuqtasi qarshisida 62 yoshli AQSH fuqarosi vafot etganini ma’lum qildi. Uning o‘limi klinik va biologik o‘lim sifatida qayd etilgan.





