
Rossiya logistika bozorida 1 millionga yaqin xodim yetishmayapti
11.08.2025 | 16:3521414
Rossiyada logistika sohasida yirik kadr tanqisligi yuzaga keldi. Eng talabgir mutaxassislar — haydovchilar, omborchilar va yuk tushiruvchilar. Taqchillik ayniqsa yirik shaharlar va sanoat hududlarida sezilayapti.

«Izvestiya» nashri manbalari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya logistika tarmog‘ida 1 millionga yaqin xodim yetishmayapti. Bu yetishmovchilik transport, ombor logistikasi va ta’minot zanjirini boshqarish segmentlarini qamrab olgan.
Superjob ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida logistikada eng ko‘p talabgir mutaxassislar qatoriga yuk avtomobillari haydovchilari, komplektovchilar, transport logistikasi menejerlari, omborchilar va yuk tushiruvchilar kiradi. Defitsit ayniqsa Moskva shahri va oblasti, Sankt-Peterburg, Sverdlovsk, Novosibirsk, Rostov oblastlari hamda Tataristonda sezilarli.
«Avito Rabota» servisiga ko‘ra, yilning birinchi yarmida yo‘lovchi avtomobili haydovchilariga talab 80 foizga, lesovoz (g‘o‘la tashuvchi avtolar) haydovchilariga talab esa 129 foizga oshgan. Bu hodisa xususiy uy-joy qurilishi, infratuzilma loyihalari va shahar ichi tashishlarga bo‘lgan talab o‘sishi bilan bog‘liq. hh.ru ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida eng ko‘p vakansiyalar haydovchilar, yuk jo‘natuvchi va qabul qiluvchilar, omborchilar, mashinalistlar va kuryerlar uchun berilgan.
«Alyans Traks» tijorat transporti dilerlik tarmog‘i egasi Aleksey Ivanov kadr tanqisligini ichki savdo va eksport hajmi ortishi, logistika infratuzilmasining modernizatsiyasi bilan izohladi. NC Logistic’ning HR-direktori Irina Pak esa bu holatni 2023–2024 yillarda marketpleyslar rivoji va omborlar yuklamasining yuqoriligi ortidan yuzaga kelgan «logistika jazavasi» oqibati deb baholadi.
Shu bilan birga, sohada moliyaviy xavflar ham saqlanmoqda. Fevral oyi oxirida logistika kompaniyalarining qariyb uchdan biri qarzlar va xarajatlar o‘sishi tufayli bankrotlik yoqasida ekanini bildirgan. Yanvar–mart oralig‘ida esa har beshinchi transport kompaniyasi bozordan chiqib ketgan, qariyb 30 foiz yuk tashuvchilar faoliyatini qarz va lizing to‘lovlari sabab to‘xtatgan.





