add

Rossiya metrolarida smartfonlarni tekshirish majburiy bo‘ldi

08.10.2025 | 09:0241723

Yekaterinburg va Sankt-Peterburg metrolarida yo‘lovchilar telefon va noutbuk kabi qurilmalarni kirishda yoqib ko‘rsatishi shart qilindi.

Rossiya metrolarida smartfonlarni tekshirish majburiy bo‘ldi
Rossiyaning ayrim yirik shaharlarida yo‘lovchilar metropolitenga kirishdan oldin elektron qurilmalarini yoqib ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Yangi talab Yekaterinburg va Sankt-Peterburgda amalga kiritildi. Unga ko‘ra, telefon, noutbuk va boshqa texnika vositalari ishlayotganini tasdiqlash uchun yoqib ko‘rsatilishi lozim. Yekaterinburg metropoliteni matbuot xizmati ma’lum qilishicha, bu chora terrorizmning oldini olish va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. «Elektron qurilmalar portlovchi yoki taqiqlangan moddalarni yashirish vositasi bo‘lishi mumkin, shu sabab tekshiruv kuchaytirildi», — deyiladi bayonotda. Shu bilan birga, qurilmalar ichidagi ma’lumotlar hozircha tekshirilmaydi. «NeMoskva» nashrining yozishicha, Yekaterinburg aholisi yangi qoidadan norozi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda «telefoni quvvati tugagan odam endi na metroga kira oladi, na taksi chaqirishi mumkin», deb shikoyat qilmoqda. Bir foydalanuvchi buni «ahmoqona chora,» deb atadi. Chunki qo‘ng‘iroq qilaman desa, o‘zganing telefonidan foydalanishga ham jinoiy javobgarlik joriy etilgan. Sankt-Peterburgda esa ushbu tartib avgust oyida joriy etilgan. Biroq mahalliy qonunlarga ko‘ra, metro hududida rozetkadan foydalanish taqiqlangan, shu bois quvvati tugagan gadjetlarga egalik qilgan yo‘lovchilarni kiritmaslik holatlari kuzatilgan. Bunday tekshiruvlar boshqa shaharlarda hali amalga kiritilmagan. Yangi qoida Rossiya Transport vazirligining 2025 yil 4 fevraldagi 34-sonli buyrug‘iga asosan joriy qilindi. Hujjatga ko‘ra, qurilmalarni faqat skaner orqali emas, balki yoqib tekshirish ham majburiy bo‘ldi. Xuddi shunday talablar ilgari aeroportlarda ham qo‘llanila boshlangan edi.

Teglar

Mavzuga oid