
Rossiya Ozarboyjon samolyoti uchun to‘liq tovon to‘lashni boshladi
05.09.2025 | 11:0017813
Rossiya Qozog‘istonda qulagan Ozarboyjon samolyoti bo‘yicha AZAL aviakompaniyasiga 1 mlrd rubl va yo‘lovchilarga 4,4 mln dollar tovon to‘ladi.

Rossiya hukumati Qozog‘istonning Oqtau shahri yaqinida qulagan Ozarboyjonga tegishli yo‘lovchi samolyoti bo‘yicha tovon to‘lash jarayonlarini boshladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «AlfaStraxovaniye» sug‘urta kompaniyasi orqali AZAL aviakompaniyasiga 1 mlrd 3 mln rubl miqdorida samolyotning to‘liq sug‘urta to‘lovi amalga oshirildi, deb yozmoqda Turkiyaning Yeni Shafak nashri.
Shuningdek, halok bo‘lganlar va jarohat olgan yo‘lovchilarning yaqinlariga 358,4 mln rubl (taqriban 4,4 mln dollar) miqdorida tovon puli to‘landi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bildirishicha, zarar ko‘rgan shaxslar va ularning oila a’zolari bilan to‘liq kelishuvga erishish uchun muzokaralar davom etmoqda.
Tovon puli oluvchilar orasida 15 nafar rossiyalikdan 7 nafari, 38 nafar ozarboyjonlikdan 35 nafari, 3 nafar qirg‘izistonlik va 6 nafar qozog‘istonlik yo‘lovchidan 1 nafari bor. Sug‘urta kompaniyasi barcha murojaatlarni shaxsan ko‘rib chiqqan va mos ravishda kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot Grozniy havo hududida Rossiya tomonidan adashib urib tushirilgan edi. Keyin uchuvchilar yo‘nalishni Qozog‘istonga burib, Oqtovda shoshilinch qo‘nishga uringan, biroq samolyot qulagan. Hodisa natijasida bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, hodisa yuz bergani uchun uzr so‘ragan va tovon to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan edi.





