
Rossiya O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni 4 barobarga oshirdi
07.06.2025 | 09:002194
2024 yilda Rossiya O‘zbekistonga 5,64 mlrd metr kub tabiiy gaz eksport qildi — bu 2023 yilga nisbatan 4,4 barobar ko‘p. O‘zbekiston esa ikkinchi yil ketma-ket gaz import qiluvchi mamlakatga aylandi.

«Gazprom»ning yillik hisobotiga ko‘ra, Rossiya 2024 yilda O‘zbekistonga 5,64 mlrd metr kub gaz yetkazib berdi. Bu 2023 yildagi ko‘rsatkichdan 4,36 mlrd kub metrga ko‘p bo‘lib, yetkazib berish hajmi 4,4 barobarga oshganini anglatadi.
Bu holat O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega, chunki 2023 yilda mamlakat mustaqillikdan beri ilk bor gaz eksportidan ko‘ra importga ko‘proq tayana boshlagan. 2024 yilda ham ushbu tendensiya saqlanib qoldi.
Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hajmi o‘tgan yilda 2,41 barobarga ko‘payib, umumiy qiymati 1,67 mlrd dollarni tashkil etdi. Biroq Energetika vazirligi ham, Milliy statistika qo‘mitasi ham gaz importining aniq hajmlari va kelib chiqish manbalari haqida ochiq ma’lumot bermayapti.
«Gazprom» rahbari Aleksey Miller 2024 yilning avgust oyida Rossiyadan gaz yetkazib berish «texnik imkoniyatning eng yuqori chegarasida» amalga oshirilayotganini aytgan. Gaz yetkazib berish «Markaziy Osiyo — Markaz» gaz quvuri orqali Qozog‘iston hududidan o‘tib, O‘zbekistonga tranzit tarzida amalga oshiriladi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham gaz yetkazib berish hajmini yanada oshirish rejalari haqida ma’lum qilgan. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Rossiya gazi Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilyapti. 2024 yil oxirigacha mazkur tranzit 2,8 mlrd metr kubga yetishi kutilmoqda.
Aleksey Miller ta’kidlashicha, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari 15 yillik gaz hamkorlik bitimini muhokama qilmoqda. Gaz quvurlarini kengaytirish va yetkazib berish hajmini oshirish «Gazprom»ning rejalari qatorida.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyadan tabiiy gazni ichki tariflardan ancha yuqori narxda — ming metr kubi uchun taxminan 160 AQSH dollariga sotib olgan. Bu narx Turkiya va Xitoy uchun belgilangan tariflardan arzonroq sanaladi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kelishuv shartlari maxfiyligi sababli rasmiy narxlarni oshkor qilmagan.
2025 yilda «Gazprom» gaz yetkazib berishni yana to‘rt barobarga oshirib, 11 mlrd metr kubga yetkazishi kutilmoqda.





