Logo

Rossiya O‘zbekistonning 5 ta korxonasiga meva-sabzavot eksportini taqiqladi

Cheklovga tushgan tovarlarning asosiy hajmini karam, piyoz, pomidor, uzum, ko‘katlar va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil qiladi.

Rossiya O‘zbekistonning 5 ta korxonasiga meva-sabzavot eksportini taqiqladi © Sergey Bulkin/ TASS

«Rosselxoznadzor» 2026 yil 23-iyuldan boshlab fitosanitariya talablarini eng ko‘p buzgan O‘zbekistonning 5 ta eksportchisiga Rossiya hududiga mahsulot olib kirishni cheklaydi. Bu haqda muassasaning rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, cheklovga tushgan eksportchilardan keladigan tovarlarning asosiy hajmini oq va gulkaram, piyoz, ukrop, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, qaror O‘zbekistondan Rossiyaga yetkazib beriladigan mahsulotlarda karantin ostidagi zararkunanda va kasalliklarni aniqlash holatlari keskin ko‘paygani sababli qabul qilingan. Mazkur chora Rossiya hududida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda xavfli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2026 yil boshidan buyon 132 ta shunday holat aniqlangan. Xususan, eksport qilingan tovarlarda pomidorning jigarrang bujmayish virusi, Janubiy Amerika pomidor kuyasi, Kaliforniya gul tripsi va lavlagi virusi (nekrotik sarg‘ayish) topilgan.

«Rossiya va xalqaro fitosanitar talablarning muntazam ravishda buzilishi O‘zbekistonning Rossiya bozoriga yetkazib berilayotgan karantin nazoratidagi mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash tizimi yetarlicha samarali emasligini ko‘rsatmoqda», - deyilgan «Rosselxoznadzor» xabarida.

Cheklovlar aynan qaysi eksportchilarga nisbatan kiritilgani ochiqlanmagan.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya O‘zbekistonning 5 ta korxonasiga meva-sabzavot eksportini taqiqladi | Vaqt.uz