
Rossiya Pensiya jamg‘armasida 780 mlrd rubllik «tuynuk» hosil bo‘ldi
08.10.2025 | 19:0713854
Rossiya Pensiya jamg‘armasidagi katta taqchillik hukumatni radikal choralar ko‘rishga majbur qilmoqda — 780 mlrd rubllik «tuynuk»ni yopish uchun imtiyozli to‘lovlarni bekor qilish va ishsizlardan majburiy badal undirish rejalashtirilmoqda.

Rossiya Pensiya jamg‘armasi (PFR) katta moliyaviy krizis ostonasida turibdi — manbalar ma’lumotiga ko‘ra, jamg‘armaning o‘z mablag‘lari rejalashtirilgan to‘lovlarning faqat 70 foizinigina qoplay oladi. 2026 yilda davlat byudjeti transferti 3,64 trln rublga qisqartirilishi natijasida defitsit 780 mlrd rublga yetishi kutilmoqda.
Hukumat manbalari ta’kidlashicha, bu holat hokimiyatni keskin choralarga borishga majbur qilmoqda. Xususan, 2020 yildan amal qilayotgan kichik va o‘rta biznes uchun imtiyozli sug‘urta to‘lovlarini bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu chora xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida faoliyat yuritayotgan minglab tadbirkorlarga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ishsizlar uchun ham yangi majburiy to‘lov joriy etilishi muhokama qilinmoqda — ularga har yili belgilangan miqdordagi sug‘urta badalini to‘lash majburiyati yuklatilishi mumkin. Bu orqali fuqarolar tibbiy va pensiya xizmatlaridan foydalanish huquqini saqlab qoladi, ammo amalda bu yangi «ishsizlik solig‘i»ga aylanishi mumkin.
Iqtisodchilar bu choralar mamlakatda soya iqtisodiyoti o‘sishi va kichik biznesning «ko‘rinmas zona»ga o‘tishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Shu bilan birga, aholi uchun yuklama ortib, pensiya indeksatsiyasi sur’ati sekinlashishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rossiya federal byudjeti ijtimoiy xarajatlar bo‘yicha imkoniyat chegarasiga yaqinlashgan. Joriy tizimni islohotsiz saqlab qolish mumkin emas — defitsit chuqurlashsa, hukumat majburiy soliqlar va to‘lovlar orqali mablag‘ yig‘ishni kuchaytiradi.
Avvalroq «Golos regionov» nashri ishsizlikni «pullik» qilish — ya’ni, har yili majburiy tibbiy sug‘urta polisi uchun badal to‘lash g‘oyasi muhokama qilinayotganini yozgan edi. Endi esa bu tashabbus amaliy bosqichga o‘tishi mumkinligi aytilmoqda.





