
Rossiya qo‘shinlari Suriya shimolidagi muhim harbiy bazani tark etmoqda
«Reuters» manbalariga ko‘ra, Rossiya Qamishli aeroportidan qo‘shin va og‘ir texnikasini olib chiqishni boshladi, bu Moskva uchun Suriya shimoliy-sharqidagi mavqe yakunlanishiga ishora qiladi.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Suriyaning shimoliy-sharqida joylashgan Qamishli aeroportidan o‘z harbiy kontingentini bosqichma-bosqich olib chiqishni boshlagan. Manbalarning ta’kidlashicha, jarayon o‘tgan hafta boshlangan, so‘nggi kunlarda esa texnika va og‘ir qurol-yarog‘ mamlakat g‘arbi — Hmeymimdagi Rossiya harbiy-havo bazasiga ko‘chirilmoqda.
Agentlik suhbatlashgan besh nafar suriyalik manbaga ko‘ra, kontingentning bir qismi yaqin orada Rossiya hududiga qaytarilishi mumkin. Bu esa Moskva uchun mintaqadagi harbiy ishtirok qisqarishini anglatadi.
Qamishli aeroportidagi Rossiya harbiy huzuri 2019 yildan beri saqlanib kelayotgan edi. U Suriya Kurdistoni deb ataluvchi hudud poytaxtida joylashgan strategik nuqta sifatida shimoli-sharqni nazorat qilish va logistika markazi vazifasini bajargan.
Damashq bosimi
Rossiya qo‘shinlarining chiqishi Suriya hukumat qo‘shinlarining faol harakatlari fonida amalga oshmoqda. Shu oyda prezident Ahmad ash-Shar’aga bo‘ysunuvchi bo‘linmalar kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik kuchlaridan mamlakatning shimoli va sharqidagi qator hududlarni qayta egallab oldi.
Bu harakatlar Damashqning butun Suriya hududi ustidan nazoratni tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlari sifatida baholanmoqda. 24-yanvar kuni tomonlar 15 kunlik vaqtinchalik sulh to‘g‘risida kelishuvga erishgani ham Reuters tomonidan qayd etilgan.
Moskva rolining pasayishi
21-yanvar kuni «Kommersant» suriyalik manbasiga tayanib, Damashq yaqin orada Rossiyadan Qamishli bazasini tark etishni so‘rashi mumkinligini yozgan edi. Manbaga ko‘ra, bu masala Hasaka viloyati to‘liq hukumat nazoratiga o‘tgandan so‘ng ko‘tarilishi kutilmoqda.
Suriyada hokimiyatga kelgan yangi ma’muriyat avvalroq Moskva bilan kelishuvlarga amal qilishga tayyor ekanini bildirib, Hmeymim va Tartusdagi asosiy Rossiya bazalari saqlanib qolishini kafolatlagan. Biroq, Rossiya xalqaro ishlar kengashi eksperti Anton Mardasov ta’kidlashicha, kurdlarga bosim va mintaqada raqobat kuchayishi ortidan Moskva vositachilik rolini yo‘qotgan.
Ekspertlar fikricha, Qamishlidan chiqish Rossiyaning Suriya shimoliy-sharqidagi harbiy ishtirokini qisqartirish jarayonining mantiqiy davomi hisoblanadi.





