
Rossiya razvedkasi Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazgan Serbiyani xiyonatda aybladi
30.05.2025 | 09:002093
Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX — SVR) Serbiyani Ukrainaga qurol yetkazib, Rossiyaga «orqadan pichoq urgan»likda aybladi va bu harakatni «xiyonat» deb baholadi. Rasmiy bayonotda gap yuz minglab artilleriya snaryadlari va millionlab o‘q-dorilar haqida bormoqda.

TRXning ta’kidlashicha, bunday yetkazib berishlarni «humanitar maqsadlar» bilan oqlash mumkin emas. Qurollarning asosiy maqsadi — rossiyalik askarlar va tinch aholiga qarshi qaratilgan, deyiladi idora bayonotida. Qo‘shimcha qilinishicha, Serbiyaning bu harakatlari «o‘lim konveyeri» va «do‘stga qarata uzilgan o‘q» deb baholanadi.
Belgrad avvalroq o‘q-dori va qurol-yarog‘lar G‘arb davlatlariga eksport qilinayotganini tan olgan edi. Bu mamlakatlar orqali u qurol Ukrainaga yetib borayotgani ma’lum bo‘lgan. Financial Times xabariga ko‘ra, bu eksportlar umumiy qiymati 800 mln yevroni tashkil etishi mumkin.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bunday eksportni mamlakat iqtisodiyotini tiklash strategiyasining bir qismi sifatida baholagan. Bosh vazir Milosh Vuchevich esa Ispaniya, Chexiya yoki AQSHga o‘q-dori sotilishini cheklash niyati yo‘qligini aytgan.
Shu bilan birga, Belgrad 2025 yil yanvar oyida Rossiya bilan bir necha qurol sotib olish shartnomalarini sanksiyalar sabab bekor qilgan edi. Shunga qaramay, Vuchich 9 may kuni Moskvada o‘tkazilgan G‘alaba paradida qatnashgan Yevropadagi kam sonli rahbarlardan biri bo‘ldi.





