
Rossiya Ukraina dron zarbasidan so‘ng strategik samolyotlarni Uzoq Sharqqa yashirdi
12.06.2025 | 19:4537253
Ukraina dronlarining chuqur hududlardagi aviabazalarga uyushtirgan hujumidan so‘ng, Rossiya strategik bombardimonchi samolyotlarini mamlakat ichkarirog‘iga va Uzoq Sharq hududlariga ko‘chirdi. Bu xavfsizlik chorasi sifatida baholanmoqda.

Rossiya armiyasi o‘zining strategik aviatsiya kuchlarini qayta joylashtirmoqda. Bunga 1 iyun kuni Ukraina SBU tomonidan amalga oshirilgan «Pautina» operatsiyasi sabab bo‘ldi. Mazkur hujumda Rossiya hududidagi bir nechta harbiy aerodromlarga dronlar orqali zarba berildi. Unda kamida 12 ta strategik samolyot yo‘q qilingan.
Sputnik tasvirlari tahliliga ko‘ra, Belaya (Irkutsk) va Olenya (Murmansk) aerodromlarida joylashgan Tu-160 samolyotlari hujumdan so‘ng u yerdan olib ketildi. Ulardan ikkisi Anadir (Chukotka), uchtasi Yelizovo (Kamchatka), yana uchtasi Borisoglebskoye (Tatariston) aerodromlariga ko‘chirildi.
Murmansk yaqinidagi bazadan esa 11 ta Tu-22M3 va barcha Tu-95MS samolyotlari boshqa hududlarga ko‘chirilgan. Ular orasida Amur, Saratov, Tatariston va hatto Shimoliy Osetiyadagi kam faoliyat ko‘rsatuvchi Mozdok aerodromi ham bor. Maqsad — Ukraina dronlarining yana bir hujumi xavfini kamaytirish.
Britaniyadagi Qirollik Qo‘shma mudofaa tadqiqot instituti mutaxassisi Jastin Bronkning ta’kidlashicha, Moskva hozir strategik aviatsiyasi xavfsizligini ta’minlash uchun doimiy ravishda uni harakatlantirishga majbur bo‘ladi. Britaniya harbiy-havo kuchlari sobiq qo‘mondoni Greg Begvell esa buni yangi reallik deb atadi.
Oq uy va NATO manbalariga ko‘ra, Rossiya hozircha bu hujumga javoban umumiy zarba bermagan bo‘lsa-da, raketa va dron orqali Ukraina hududlarini o‘qqa tutishni keskin oshirgan. Ukraina esa barcha uchish-qo‘nish yo‘laklariga hujum qilish salohiyatiga ega ekanini amalda ko‘rsatmoqda.





