
Rossiya Ukrainaga 805 ta dron bilan hujum qildi
07.09.2025 | 19:0039403
7 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga qarshi rekord darajadagi havo hujumini boshladi. Unda 805 ta dron va 13 ta «Iskander» raketasi qo‘llanildi.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, bu paytga qadar eng yirik hujum 9 iyulda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda 728 ta dron va raketa ishlatilgan edi. Yangi hujum natijasida asosiy zarar Kiyevda kuzatildi. Bir nechta turar joy binolari vayron bo‘ldi, Ukraina Vazirlar Mahkamasi binosi ilk bor nishonga olindi.
Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, 751 ta havo nishoni — 747 ta dron va to‘rtta raketani Ukraina havo mudofaasi yo‘q qilgan. Shunga qaramay, mamlakat bo‘ylab 37 ta joyda to‘qqizta raketa va 56 ta dron zarbalari qayd etildi. Kiyevda ayol va uning bolasi halok bo‘lgani tasdiqlandi.
Zarar ko‘rgan hududlar orasida Zaporoje, Sumi, Chernigov, Krivoy Rog va Odessa bor. Zaporojeda 20 dan ortiq uy va bolalar bog‘chasi vayron bo‘ldi. Krivoy Rogda omborxonalar nobud etildi, Odessada ko‘p qavatli uyga zarba berildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning bu harakatlari «maqsadli jinoyat» va «urushni sun’iy ravishda cho‘zish urinishi» hisoblanadi. U xalqaro hamjamiyatni Kreml ustidan bosimni kuchaytirishga chaqirdi.





