add

Rossiya va Ukraina asirlar almashuvida 300 ga yaqin mahkum ozod qilindi

25.08.2025 | 11:4513234

Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar almashuvi bo‘lib o‘tdi, har ikki tomondan 146 nafardan harbiy xizmatchi ozod qilingan.

Rossiya va Ukraina asirlar almashuvida 300 ga yaqin mahkum ozod qilindi
24 avgust kuni ikki davlat o‘rtasida 300 ga yaqin asirlar almashildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina hududida ushlangan 146 nafar rossiyalik harbiy qaytarildi. O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlarining 146 nafar askari yurtiga qaytdi. Shu bilan birga, Kiyev tomonidan noqonuniy hibsga olingan Kursk oblastidan 8 nafar rossiyalik fuqaro ham qaytarilgan. Ushbu almashuv 2025 yil may-iyul oylarida Istanbulda o‘tkazilgan muzokaralarda kelishilgan kelishuvlar samarasi hisoblanadi. Asirlar almashish hozircha ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning yagona amaliy ko‘rinishi sifatida qayd etilmoqda. Ozod qilingan ukrainaliklar orasida jurnalistlar Dmitro Xilyuk va Mark Kalyush ham borligi tasdiqlandi. Ular 2022–2023 yillarda bosqinchilar tomonidan noqonuniy ravishda hibsga olingan edi. «Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) tashkiloti ularning ozod qilinishiga munosabat bildirib, jurnalistik faoliyati sabab nishonga olinganini ta’kidladi va Kreml qo‘lida hali ham saqlanayotgan 26 nafar OAV xodimini ozod qilishni talab qildi. Shuningdek, asirlikda qariyb uch yilni o‘tkazgan Xerson shahri sobiq meri Vladimir Mikolayenko ham erkinlikka chiqarildi. Prezident yordamchisi Andrey Yermakning aytishicha, u 2022 yilda almashuv ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, kameradoshi — og‘ir xastalikka chalingan mahkum manfaati yo‘lida o‘z nomzodini chiqarishdan voz kechgan. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi almashuv 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda har ikki davlat 250 dan ortiq asirni ozod qilgan, bu esa iyun oyida Istanbulda o‘tgan tinchlik muzokaralarida kelishib olingan edi.

Teglar

Mavzuga oid