
Rossiya Yevropaga «syurpriz» tayyorlamoqda
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilishga qaror qilsa, Moskva javob choralari paketini tayyorlamoqda. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifingda ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kommersant».

U aktivlarning ehtimoliy olib qo‘yilishini «o‘g‘irlik» deb atadi va Rossiya Federatsiyasining reaksiyasi «juda qattiq» bo‘lishidan ogohlantirdi.
Shu bilan birga, Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomonining javobi Yevropa Ittifoqi uchun «syurpriz» bo‘ladi.
«Bunday reaksiya biz tomondan ham bo‘ladi va albatta, bu holat jahon hamjamiyatining reaksiyasisiz qolmaydi. Ushbu o‘g‘irlik, Rossiya aktivlarini musodara qilish holatida javob choralari to‘plamini tayyorlash allaqachon olib borilmoqda», - dedi Zaxarova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari «dastlab noto‘g‘ri strategiyaning zararli ekanini» anglab yetgan. Blokning Rossiyaga zarar yetkazish istagi «deyarli hamma narsani to‘sib qo‘yadi», - dedi Zaxarova.
3-dekabr kuni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Ukrainani moliyalashtirishning ikki yo‘lini taklif etdi: ulardan biri Rossiya aktivlarini musodara qilishni nazarda tutadi. Uning aytishicha, reparatsiya kreditini rasmiylashtirish uchun bunday chora Yevropa Ittifoqining barcha a’zo davlatlari roziligini talab qilmaydi. Kreditning eng yuqori miqdori 210 milliard yevro bo‘lib, mablag‘lar 2030 yilning oxirigacha ajratiladi. Belgiya Tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo Ukrainaga beriladigan bunday kreditni «barcha kreditlar ichida eng yomoni, chunki u har qachongidan ham xavfliroq» deb ta’rifladi.





