Rossiyada armiyani xorijda qo‘llash vakolatini kengaytiruvchi qonun qabul qilinmoqda
Davlat dumasiga kiritilgan yangi tashabbus Rossiya fuqarolarini xorijda himoya qilish bahonasida armiyani qo‘llash imkoniyatini kengaytirishi mumkin.

Rossiya hukumati Davlat dumasiga Qurolli kuchlarni xorijda qo‘llash vakolatlarini kengaytiruvchi qonun loyihasini kiritdi. Hujjatga ko‘ra, davlat rahbari Vladimir Putin Rossiya fuqarolarini «himoya qilish» uchun armiyani mamlakat tashqarisida qo‘llash haqida qaror qabul qilish huquqiga ega bo‘ladi.
RF Mudofaa vazirligi momonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi Rossiya fuqarolari xorijiy sudlar tomonidan hibsga olingan yoki jinoiy ta’qibga uchragan holatlarga taalluqli. Ayniqsa, Moskva tan olmaydigan xalqaro sud organlari qarorlari ham bunday asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu esa «eksterritorial» harbiy aralashuv imkoniyatini huquqiy jihatdan kengaytirishni anglatadi.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar
Amaldagi qonunlarga ko‘ra, Rossiya armiyasi xorijda bir qator holatlarda — harbiy bo‘linmalarga hujumni qaytarish, boshqa davlat iltimosiga ko‘ra yordam berish, fuqarolarni qurolli hujumdan himoya qilish va qaroqchilikka qarshi kurashish maqsadida qo‘llanilishi mumkin.
Yangi qonun loyihasi «Mudofaa to‘g‘risida» va «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish kiritib, bu asoslarni yanada kengaytiradi.
Geosiyosiy fon
Mutaxassislarning fikricha, tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya rahbariyatiga nisbatan tajovuz jinoyati bo‘yicha maxsus tribunal tashkil etish rejalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda Yevropa kengashi ushbu organni tashkil etishni e’lon qilgan, 2026 yilda esa uning faoliyati uchun 10 mln yevro ajratilgan.
Shu bilan birga, NATO va Yevropa razvedkalari Rossiyaning ehtimoliy harbiy faolligi haqida ogohlantirmoqda. Germaniya va Daniya razvedkalari so‘nggi oylarda Yevropa hududida mojarolar xavfi ortib borayotganini bildirgan.
Tahlilchilar bahosi
ISW tahlilchilarining fikricha, Rossiyada harbiy tayyorgarlikning «nolinchi bosqichi» allaqachon boshlangan. Ular harbiy okruglar qayta tashkil etilayotgani, Finlandiya chegarasida bazalar qurilayotgani va Yevropa bo‘ylab diversiya holatlari qayd etilayotganini ta’kidlamoqda.
Ekspertlar yangi qonun loyihasi xalqaro munosabatlarda keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkinligini qayd etmoqda.

