
Rossiyada avtobozorda savdo pasayishi ortidan shinalar ishlab chiqarish ham keskin tushdi
2025 yilning ikkinchi choragida RFda yengil avtomobillar uchun shina ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,9 foizga kamayib, 7,39 mln donagacha tushdi.

«Kommersant’» nashrining «Chestniy znak» markirovka tizimi operatori SRPT ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, aprel–iyul oylarida tishsiz qishki shinalar ishlab chiqarish 26,6 foizga kamayib, 1,11 mln donaga tushgan. Barcha mavsumda ishlatish mumkin bo‘lgan shinalar 27,3 foizga, yozgi shinalar esa 40 foizga kamaygan. Faqat ayrim boshqa segmentlarda kamayish 3,8 foizni tashkil etdi. Iyun oyida esa shina ishlab chiqarish hajmi 2024 yil boshidan buyongi eng past darajaga tushgan.
«Avtostat» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada 2025 yil yanvar–iyul oylarida yangi yengil avtomobillar savdosi 24 foizga pasayib, 651 mingta avtoni tashkil etgan. «AvtoVAZ» kabi yirik ishlab chiqaruvchilar ish vaqtini qisqartirish rejasini e’lon qilgani fonida yil oxirigacha bozorda yanada jiddiy pasayish kutilmoqda.
«Toki avtomobillar xaroid qilinmas ekan, ularga shinalar ham kamroq xarid qilinadi», — deydi «Kordiant» shina ishlab chiqaruvchisi bosh direktori Vadim Volodin. Uning so‘zlariga ko‘ra, taksi va karshering kompaniyalari ham shina xarajatlarini qisqartirishga o‘ta boshlagan: parkni kengaytirishdan voz kechishmoqda, texnik xizmat xarajatlarini optimallashtirmoqda yoki eski shinalarni maksimal darajada foydalanmoqda. Qolaversa, ko‘pchiligi arzonroq Xitoy mahsulotlariga o‘tayotgani ham aytiladi.
Bir shinaning o‘rtacha narxi ikkinchi chorakda 4,3 foizga kamayib, 6,77 ming rublni tashkil etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 13,6 foizga yuqori, lekin bu narx barqaror savdoga xizmat qilmayapti.
Shu bilan birga, may–iyul oylarida Rossiya bozoriga import shinalar yetkazib berish 11 foizga ko‘payib, 5,4 mln donaga yetgan. Biroq bu miqdor birinchi chorakdagi hajmdan 26 foizga kam.





