add

Rossiyada bank inqirozi boshlandi: iqtisodchilar bong urmoqda

Bugun 08:152 daqiqa

Kremlga yaqin tahlilchilar bank tizimida inqiroz alomatlari rasman qayd etilganini ma’lum qildi.

Rossiyada bank inqirozi boshlandi: iqtisodchilar bong urmoqda

Rossiyada bank inqirozi boshlangani haqida hukumatga yaqin «Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazi» (SMAKP) rasman ma’lum qildi. Markaz bayonotiga ko‘ra, ularning «erta ogohlantirish tizimi» formal mezonlar asosida bank inqirozini qayd etgan. Bundan avval esa «yomon qarzlar inqirozi» aniqlangan.

SMAKP bank tizimida omonatchilar mablag‘larini ommaviy olib chiqib ketishi xavfi ham yuqori ekanini ta’kidlamoqda. Hozircha inqiroz «latent», ya’ni yashirin shaklda kechayotgani sababli bu jarayon ochiq ko‘rinish olmagan. Biroq vaziyat chuqurlashsa, omonatlar oqimi keskin o‘zgarishi mumkinligi aytilmoqda.

Markaz ta’rifiga ko‘ra, bank tizimida inqiroz deb hisoblanishi uchun uchta shartdan biri bajarilishi kifoya: muammoli aktivlar ulushi 10 foizdan oshishi, omonatlarning ommaviy chiqib ketishi yoki banklarni majburiy qayta tashkil etish yoki davlat tomonidan keng ko‘lamli dokapitalizatsiya amalga oshirilishi.

 

Muammoli qarzlar o‘sishi

SMAKP ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga kelib bank aktivlarining sal kamroq 10 foizdan ortig‘i muammoli toifaga o‘tgan. Ayrim segmentlarda esa holat ancha og‘ir. Masalan, kichik va o‘rta biznesga berilgan kreditlar bo‘yicha muammoli ulush o‘rtacha 19 foizni tashkil etmoqda.

Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oktabr oxiriga kelib, korporativ kreditlarning 11,2 foizi (10,4 trln rubl), chakana kreditlarning esa 6,1 foizi (2,3 trln rubl) muammoli deb topilgan.

Regulyator banklarga qarzlarni restrukturizatsiya qilish bo‘yicha yengilliklar berishni tavsiya qilmoqda. Bu orqali ommaviy bankrotliklarning oldini olish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 2024 yil o‘rtasidan zaxira talablari yumshatilgan va ushbu rejim 2026 yil birinchi yarmigacha uzaytirilgan.

 

Yashirin qo‘llab-quvvatlash mexanizmi

Mutaxassislarning fikricha, bank inqirozining ochiq shaklga chiqmasligiga ikki omil sabab: muammoli qarzlarni ommaviy restrukturizatsiya qilish va davlat banklarining ustun mavqei. Bu 2022 yildagi holatni eslatadi.

Shu bilan birga, Milliy farovonlik jamg‘armasi mablag‘lari orqali banklar qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2025 yil iyun oyida 300 mlrd rubl subordinatsiyalangan depozit sifatida yirik banklarga joylashtirilgan. Dekabrda esa 82,6 mlrd rubl «Gazprombank»ka infratuzilma loyihasini moliyalashtirish uchun o‘tkazilgan. SMAKP buni «shoshilinch dokapitalizatsiya» sifatida baholagan.

Markaziy bank kredit portfeli sifatini «qoniqarli» deb atayotgan bo‘lsa-da, biznes qarzlari bilan bog‘liq xatarlar o‘sib borayotganini tan olmoqda. Yuqori foiz stavkalari, iqtisodiy sekinlashuv va eksportchi kompaniyalar daromadlarining qisqarishi kredit xavflarini yanada kuchaytirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid