
Rossiyada benzin tanqisligi 20 dan ortiq hududni qamrab oldi
10.09.2025 | 16:3014724
Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumi ortidan Rossiyada benzin tanqisligi kuchaydi. 20 dan ortiq hududda AYOQSHlar yopilishiga sabab bo‘ldi.

Rossiyada benzin tanqisligi murakkablashib bormoqda. Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlari (NQIZ) ga qilgan hujumlaridan keyin nafaqat Baykalorti, Primore o‘lkasi, Kuril orollari va Qrimda, balki sentyabrdan boshlab Rossiyaning markaziy va Yevropa qismlarida ham yoqilg‘i yetishmasligi kuzatilmoqda.
«Izvestiya» nashrining yozishicha, hozirda Ryazan, Samara, Nijniy Novgorod, Saratov, Penza, Ulyanovsk, Astraxan va Rostov oblastlari, shuningdek, Qalmiqiston va Tataristonda benzin taqchilligi qayd etilmoqda. Amur, Magadan, Saxalin, Xabarovsk, Yakutiya, Yahudiy avtonom oblasti va Chukotka kabi uzoq hududlarda ham benzin bilan ta’minotda uzilishlar bor.
Mustaqil yoqilg‘i ittifoqi (NTS) ma’lumotiga ko‘ra, 92 va 95 turdagi benzinni yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda. Bu ayrim mustaqil AYOQSHlarning yopilishiga olib keldi. «Ayrim zapravkalar benzin tashuvchi mashina kelmaguncha yopiq, ayrimlari uzoq vaqtdan beri ishlamaydi», — dedi Rossiya yoqilg‘i ittifoqi a’zosi Yekaterina Savkina.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, avgust oyidagi hujumlar natijasida Rossiya o‘z neftni qayta ishlash quvvatining 17 foizidan mosuvo bo‘lgan — bu kuniga 1,1 mln barrel degani. Bir qator yirik NQIZZlar ishini to‘xtatdi: Novokuybishevsk, Saratov, Sizranva Volgograd zavodlari umumiy hisobda 6,4 mln tonna qayta ishlash quvvatidan mahrum bo‘ldi. Sentyabrda esa mamlakat neft qayta ishlashining 5 foizini ta’minlaydigan Ryazan NQIZ qisman to‘xtadi.
Bundan tashqari, benzinning birja narxi rekord darajada oshdi. SPbMTSB ma’lumotiga ko‘ra, Ai-92 bir tonnasi 71,8 ming rublga, Ai-95 esa 79 ming rublga yetdi. Biroq taklif cheklangan, xaridorlar soni mingdan oshgan. Bu esa tanqislikni yanada kuchaytirmoqda.
Muammoni bartaraf etish uchun Rossiya hukumati NQIZlarning ta’mir dasturini qayta ko‘rib chiqish, zaxira quvvatlarni ishga tushirish va yoqilg‘ini temir yo‘l orqali manzilli yetkazib berishni qo‘lda boshqarishga ko‘rsatma berdi. Shuningdek, benzin eksportiga joriy qilingan taqiq yana ikki oyga uzaytirildi.





