
Rossiyada davlat idoralari va banklarga xorijiy messenjerlardan foydalanish taqiqlandi
01.06.2025 | 17:1418664
Rossiyada 2025 yildan 1 iyundan boshlab davlat organlari, banklar va telekom kompaniyalar fuqarolar bilan xorijiy messenjerlar orqali muloqot qilish huquqidan mahrum etildi. Bu qadam kiberfiribgarlikka qarshi kurash doirasida qonuniylashtirild

Rossiyada davlat idoralari, banklar va telekommunikatsiya kompaniyalariga fuqarolar bilan WhatsApp, Telegram, Viber va boshqa xorijiy messenjerlar orqali aloqa qilish taqiqlandi. Bu chora 2025 yil 1 apreldan amalga kiritilgan kiberfiribgarlikka qarshi qonun doirasida qabul qilindi.
Qonun davlat xizmatchilari, bank va moliya tashkilotlari, ijtimoiy fondlar, aloqa operatorlari, marketpleyslar, yirik onlayn servislar hamda ijtimoiy tarmoqlar uchun amal qiladi. Ular xorijiy IT-platformalar orqali rossiyaliklarga shaxsiy ma’lumot va to‘lov hujjatlarini yuborish huquqiga ega emas.
Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinga ko‘ra, ushbu cheklovlar o‘zini rasmiy yoki bank xodimi sifatida ko‘rsatayotgan firibgarlarga qarshi samarali kurash imkonini beradi.
2024 yilda Rossiyada kiberfiribgarlar bank hisoblaridan 27,5 mlrd rubl o‘g‘irlagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 74,4 foizga ko‘p. Eng katta ulush — 9,76 mlrd rubl — mobil ilova orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘g‘irlangan.
2025 yil aprelda Moskva sudi ilk bor xorijiy messenjer orqali shaxsiy ma’lumot uzatgan bankni javobgarlikka tortdi. Roskomnadzorga murojaat qilgan fuqaro arizasida bank xodimi WhatsApp orqali qarzdorga xabar yo‘llagani qayd etilgan. Sud bankni 200 ming rubl jarimaga tortdi.
Rossiya qonunchiligiga muvofiq, davlat va moliyaviy tashkilotlar xorijiy messenjer orqali hech qanday shaxsiy yoki to‘lov ma’lumotini uzatmasligi kerak. 2023 yilda qabul qilingan qo‘shimcha qoidalar bu talabni yanada kuchaytirdi va rasmiylarni 700 ming rublgacha jarimaga tortish imkonini yaratdi.
Rossiya Ta’lim vazirligi esa 2022 yildayoq maktablarda xorijiy messenjerlardan foydalanishni cheklashni tavsiya qilgan, o‘qituvchilarga esa «VK Messenjer»ga o‘tishni maslahat bergan edi.





