
Rossiyada mahkumlar maoshi o‘qituvchilarnikidan 1,5 barobar yuqori bo‘lib chiqdi
15.10.2025 | 08:4217494
So‘nggi olti yil ichida Rossiyada mahkumlar ish haqi 125 foizga oshgan. Endi ular o‘rtacha 33 ming rubl oladi — bu ko‘p oblastlardagi o‘qituvchilar maoshidan ancha yuqori.

Rossiyada so‘nggi olti yilda mahkumlarning ish haqi keskin oshdi. Rossiya Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Yelena Dibova ma’lumotlariga ko‘ra, agar 2019 yilda qamoqdagi shaxslar oyiga o‘rtacha 14,7 ming rubl ish haqi olgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 33 ming rublga yetgan. Shu tariqa maoshlar 125 foizga oshgan, biroq mehnat unumdorligi shu davrda faqat 84 foizga o‘sgan.
Dibovaning ta’kidlashicha, hozirda Rossiyaning turli hududlaridagi savdo-sanoat palatalari biznesga Federal jazoni ijro etish xizmati (FSIN) bilan hamkorlik qilishda yordam bermoqda. Bu orqali «minglab ish o‘rinlari» yaratilgan va jami 800 mln rubllik shartnomalar tuzilgan. Biroq u qayd etganidek, korxonalar mahkumlarning yetarli malakaga ega emasligi va ularning «aylanmasi yuqori» ekanligi sababli qiyinchilikka duch kelmoqda.
«Ishchi tayyorlanganidan keyin u ozod etiladi va korxona yangidan tayyorlanmagan xodim bilan ish boshlashga majbur bo‘ladi», — dedi Dыbova. Shuningdek, korxonalar qimmat uskunalarni koloniyalarga joylashtirishni xohlamasligi va ichki tartib-qoidalar sababli ish jadvalini ta’minlash qiyin ekanligi ta’kidlangan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, mahkumlar maoshi Rossiyaning ko‘pgina oblastlaridagi o‘qituvchilar oyliklaridan 1,5 barobar yuqori. «O‘qituvchi» kasaba uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 73 mintaqada pedagoglar ish haqi 22 440 rubllik minimal maosh miqdoridan ham past. Hatto 70 hududda o‘qituvchilarning stavkasi 20 ming rublga yetmaydi.
Rossiya bo‘ylab o‘qituvchilar yetishmasligi taxminan 250 ming nafarni tashkil etadi, ularning uchdan bir qismi 50 yoshdan oshgan. Ayrim maktablarda mutaxassis yetishmasligi sababli darslar bekor qilinadi yoki boshqa fan o‘qituvchilari o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Shu tufayli pedagoglar me’yordan 1,5–2 barobar ko‘proq ishlaydi, yosh kadrlar esa past maosh va ortiqcha yuklama tufayli sohaga qiziqishni yo‘qotmoqda.
Avvalroq hh.uz ma’lumotlariga asoslanib, 2025 yilning uchinchi choragida O‘zbekiston bo‘ylab taklif etilayotgan maoshlar o‘rtacha 4,36 mln so‘mni tashkil etiayotgani va bu o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygani haqida xabar bergan edik.





