
Rossiyada migrantlarga bir nechta telefon raqamlarini ishlatish taqiqlanishi mumkin
26.05.2025 | 11:0020163
Rossiya xavfsizligini oshirish maqsadida xorijliklar uchun yangi cheklovlar ko‘zda tutilmoqda. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, migrantlarga bir donadan ortiq abonent raqamiga egalik qilish taqiqlanishi mumkin.

Rossiyada xorijiy fuqarolarning bir nechta mobil raqamlarga egalik qilishi taqiqlanishi mumkin. TASS agentligining xabar berishicha, bu boradagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va mamlakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faol fuqarolik jamiyati qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilovga ko‘ra, mazkur tashabbus zamonaviy tahdidlarga javob berishda muhim ahamiyatga ega. «Xorijiy fuqarolarning bir dona abonent raqamidan ortig‘iga egalik qilishini cheklash — mamlakat xavfsizligi yo‘lidagi muhim qadam. Bu milliy manfaatlarni himoya qilish va fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi», — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyada xorijliklar o‘z nomlariga 10 tadan ortiq raqamni rasmiylashtira olmasligi to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Shuningdek,chet el fuqarolari aloqa operatorlari bilan shartnomani faqat shaxsan ofisga borib, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatgan holda va majburiy biometrik ma’lumotlar orqali tuzishlari mumkin.
Bu choralar Rossiya hududida migrantlar tomonidan turli raqamlar orqali noqonuniy faoliyat yuritish ehtimolini kamaytirish maqsadida qo‘llanilmoqda.





