
Rossiyada neft zaxiralari 25 yildan keyin tugashi mumkin
04.09.2025 | 18:306383
«Rosnedr» rahbarining aytishicha, Rossiyada rentabel neft zaxiralari 25 yilga yetadi, keyin esa neft eksporti keskin qisqaradi.

Rossiyada neft sanoatiga tayangan iqtisodiyot o‘z hayotining oxirgi bosqichiga kirmoqda. «Rosnedr» rahbari Oleg Kazanov davlat kengashi energetika komissiyasida ma’lum qilishicha, mamlakatdagi foyda keltiradigan aniqlangan neft zaxiralari hozirgi darajadagi qazib olish bilan bor-yo‘g‘i 25 yilga yetadi. Uning so‘zlarini «Izvestiya» nashri keltirmoqda.
Rossiyada umumiy 81,6 mlrd tonna deb baholanayotgan zaxiralarning atigi 13,2 mlrd tonnasi iqtisodiy jihatdan maqbul hisoblanadi. bugungi kunda 96 foiz qazib olinadigan maydonlar foydalanuvchilarga topshirilgan. «Har qancha rag‘batlantirmaylik, amaldagilar tugaydi», — dedi Kazanov.
2023 yilda aniqlangan 39 ta yangi konning jami zaxirasi 21 mln tonnani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich hozirgi ishlab chiqarish sur’atida atigi ikki haftada qazib olinadi. Energetika tahlilchisi Mixail Krutixinga ko‘ra, bu konlar ham to‘liq geologik tasdiqqa ega emas.
O‘tgan yilda 592 mln tonna yangi zaxira hisobga olingan, ammo ular asosan sovet davrida ochilgan konlarni qayta o‘rganish va yangi quduqlar qazish orqali aniqlangan. Yaqin kelajakda yangi tadqiqot maydonlari qolmayotgani qayd etilmoqda.
Rossiya hukumati 2050 yilgacha mo‘ljallangan energetika strategiyasida vaziyatga yechim izlayapti. Lekin investitsiya va texnologiyalar bo‘lmasa, qazib olish 2050 yilgacha 287 mln tonnaga tushadi. «Stress-ssenariy»da bu ko‘rsatkich atigi 171 mln tonnagacha pasayishi va eksportning to‘xtashi kutilmoqda.
Neftdan daromad kamaysa, hukumat yo soliqni kamaytirish orqali kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashi, yoki byudjetiga katta zarba berish ehtimoli bor.





