
Rossiyada o‘zbekistonlik furachilar uchun 90 kunlik cheklov bekor qilinishi kutilmoqda
Elchi Botirjon Asadov kutilayotgan yangi tartib haqida ma’lumot berdi.
Rossiya hukumati Ichki ishlar vazirligiga o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchilariga mamlakatda bir yilda 90 kun qolish muddatini 180 kunga uzaytirish bo‘yicha topshiriq bergan. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov 17-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan elchilar va tadbirkorlar uchrashuvida ma’lum qildi.
Uchrashuvda eksport bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlardan biri O‘zbekiston fuqarolari Rossiya hududida vizasiz 90 kun bo‘lish huquqiga ega ekani va shu muddatni yuk mashinasi haydovchilari juda tez tugatib qo‘yayotganini aytgan.
Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, muddati tugab qolgan fura haydovchilari Rossiyaga kira olmayapti yoki ushbu mamlakat hududidagilar deportatsiya qilinmoqda.
«Rossiya hukumati hozir Ichki ishlar vazirligiga 90 kundan 180 kunga uzaytirish bo‘yicha topshiriq bergan. Hozirgi paytda qonunga muddatni uzaytirish bo‘yicha o‘zgartirish kiritish jarayoni ketmoqda. Yaqinda natija bo‘lishi kutilmoqda», - dedi Botirjon Asadov.
Unga ko‘ra, ushbu yangi tartib joriy 2026 yilda kuchga kirishi kutilmoqda. Elchining ta’kidlashicha, Rossiya hududida bo‘lish muddati 3 oydan 6 oyga uzaytirilishi bilan bir qatorda boshqa ayrim yangi talablar qo‘yiladi. Xususan, belgilangan hujjatlarni taqdim etish shartlari kiritiladi.





