Rossiyada o‘zbekistonlik namoz o‘qigani uchun mamlakatdan chiqarib yuborildi

19.02.2026 | 21:001 daqiqa

Sud ma’lumotlariga ko‘ra, u har kuni besh mahal namoz o‘qigan.

Rossiyada o‘zbekistonlik namoz o‘qigani uchun mamlakatdan chiqarib yuborildi

Rossiyaning Nijnevartovsk sudi yotoqxonada besh mahal namoz o‘qigan O‘zbekiston fuqarosini jarimaga tortdi va mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror chiqardi. Bu haqda «Kommersant» sud (Xanti-Mansiysk avtonom okrugi — Yugra) qaroriga tayanib, xabar berdi.

Aniqlanishicha, erkak vaxta usulida ishlagan va ishlab chiqarish bazalari hududidagi yotoqxonada yashagan. U yashash joyida har kuni besh mahal namoz o‘qigan.

«Namoz o‘qishi ommaviy tus olgan, chunki xona eshigi ochiq qoldirilgani sababli yotoqxonada yashovchilar va boshqa begona shaxslar xonaga erkin kirish imkoniga ega bo‘lishgan. Bundan tashqari, u yotoqxonadagi boshqa shaxslarga o‘z diniy qarashlari va e’tiqodi haqida gapirib bergan hamda o‘ziga tegishli bo‘lgan diniy adabiyotlarni xonada hamma ko‘radigan va foydalana oladigan holatda saqlagan», — deyiladi xabarda.

Sud qarori

Sud erkakni Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 5.26-moddasi 5-qismi (chet el fuqarosi tomonidan vijdon erkinligi, diniy e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgan holda missionerlik faoliyatini amalga oshirish) bo‘yicha aybdor deb topdi va 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortdi.

Bundan tashqari, sud uni Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborish haqida qaror chiqardi. Chiqarib yuborish ko‘rinishidagi qo‘shimcha jazoni sud erkakning Rossiya hududida ijtimoiy aloqalari, ko‘chmas mulki va qarindoshlari yo‘qligi bilan asosladi.

Teglar

Mavzuga oid