add

Rossiyada shaxsiy kartalar orqali xayriya yig‘imlarini taqiqlash taklif qilinmoqda

20.05.2025 | 14:3827544

Rossiya Davlat Dumasida shaxsiy bank kartalariga xayriya yig‘imlari o‘rniga maxsus xayriya hisob raqamlarini joriy etish taklifi muhokama qilinmoqda. Bu orqali mablag‘larning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish ko‘zda tutilmoqda.

Rossiyada shaxsiy kartalar orqali xayriya yig‘imlarini taqiqlash taklif qilinmoqda
Rossiya Davlat Dumasining fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Olga Zanko shaxsiy bank kartalari orqali xayriya yig‘imlarini taqiqlash va bunga alohida xayriya hisob raqamlarini joriy etish taklif etilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taklif Peterburg xalqaro yuridik forumi doirasida ilgari surilgan. Hozirda xayriya yig‘imlari Rossiya Federatsiyasining Fuqarolik kodeksi va «Xayriya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bilan tartibga solinadi. Biroq, jamg‘arilgan mablag‘larning qanday sarflanayotgani bo‘yicha majburiy hisobot taqdim etish tartibi yo‘q. Shu bois, ushbu mablag‘lar haqiqatan ham yordamga sarflanyaptimi yoki firibgarlarning qo‘liga tushyaptimi — bu tushunarsiz. Shu munosabat bilan, maxsus xayriya hisob raqamlari bilan birga «Gosuslugi» platformasi orqali soddalashtirilgan ro‘yxatdan o‘tishni ko‘zda tutuvchi ochiq reyestr, shuningdek, raqamli hisobot tizimini joriy etish masalalari muhokama qilinmoqda. Zanko ta’kidlaganidek, ushbu cheklovlar doimiy yoki ma’lum summadan ortiq xayriya yig‘imlari bilan shug‘ullanadigan shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi mumkin. Bunday hollarda shaxs yo nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi, yoki mavjud xayriya fondlari orqali faoliyat yuritishi talab etiladi. Mazkur chora-tadbirlar keng jamoatchilikka qaratilgan xayriya yig‘imlariga taalluqli bo‘lib, masalan, o‘qituvchiga sovg‘a yig‘ish kabi xususiy tashabbuslarga taalluqli emas. Shu bilan birga, shaxsiy ehtiyojlar, favqulodda holatlarda yordam va maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilariga ko‘mak kabi holatlar uchun istisnolar saqlanib qolishi mumkin. Qo‘mita raisi Yana Lantratova ham tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab odamlar yordam berishga tayyor, ammo firibgarlikdan qo‘rqadi. Shuningdek, katta mablag‘ aylanmalari sababli soliq va bank blokirovkasi muammolari ham yuzaga kelmoqda. U davlat platformasini yaratish g‘oyasini ham ilgari surdi.

Teglar

Mavzuga oid