
Rossiyada Ukraina hujumidan so‘ng furalar ommaviy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda
Ukraina tomonidan Rossiyaning strategik aviatsiyasiga qarshi uyushtirilgan hujumdan so‘ng, mamlakat bo‘ylab yuk mashinalari – ayniqsa Chelyabinsk raqamli furalar – qattiq nazorat ostiga olindi. Sibirda DPSning statsionar va mobil postlarida furalar ommaviy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

The Moscow Times nashri logistika bozoridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, YPX xodimlari hatto bojxona muhri bor yuk mashinalarini ochib ko‘rmoqda. Bu esa hujjatlarni qayta rasmiylashtirishga olib kelmoqda. Chelyabinsk va Irkutsk oblastlarida tekshiruvlar juda faollashgan, ayrim haydovchilar bir necha postlarda 10 soatgacha navbatda turishga majbur bo‘lgan.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Ukraina hujumida ishlatilgan dronlar Chelyabinskdagi omborlarda saqlangan bo‘lib, ular Xitoydan Qozog‘iston orqali noqonuniy olib kirilgan bo‘lishi mumkin. Hujumda ishtirok etgan furalar aynan Chelyabinsk raqamlariga ega bo‘lgan. Bu diversiyada gumon qilinayotgan shaxs — 37 yoshli Artyom Timofeyev qidiruvga berilgan.
Operatsiya «Pautina» («O‘rgimchak to‘ri») deb nomlanib, u 1,5 yil davomida SBU tomonidan tayyorlangan. Dronlar kichik konteynerlarda yashirincha olib kirilgan, hujum paytida esa ular furalarga yuklanib, aerodromlar yaqiniga yetkazilgan. Konteynerlardan dronlar masofadan boshqarilgan holda uchirilgan.
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 10–13 ta strategik samolyot, jumladan, 300 mln dollarlik A-50 samolyoti yo‘q qilingan. Ukraina hujumi Rossiyada xavotir uyg‘otgan bo‘lsa-da, harbiy ekspertlarga ko‘ra, bu hujum Rossiyaning yadroviy salohiyatiga jiddiy ta’sir qilmaydi.





