
Rossiyada yengil avtomobillar soni 25 yilda ilk bor qisqardi
2025 yil yakunlari Rossiya avtoparki uchun burilish nuqtasi bo‘ldi: ro‘yxatdagi yengil avtomobillar soni kamaydi, soliq bosimi va eski mashinalar ommaviy chiqib ketishni tezlashtirdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillar soni 52,8 milliontaga tushdi. Bu bir yilda 0,18 foiz kamayishni anglatadi. Shu tariqa, so‘nggi 25 yil ichida ilk bor mamlakat avtoparki qisqardi. «Kommersant» nashrining Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, bir yil ichida qariyb 100 ming avtomobil hisobdan chiqarilgan.
Statistikaga qaraganda, 2000 yildan 2024 yilgacha Rossiyada yengil avtomobillar soni deyarli 2,6 barobar o‘sib, 20,3 mldan 52,9 mlntaga yetgan edi. Hatto Ukrainadagi keng ko‘lamli urushning dastlabki uch yilida ham avtopark 2373 donaga oshgan. Biroq 2025 yilda ushbu trend buzildi.
Mutaxassislar avtopark qisqarishini iqtisodiy emas, balki ma’muriy va tarkibiy omillar bilan bog‘lamoqda. Avtomobillar hisobdan chiqarilishi ko‘p hollarda yangi sotib olish bilan emas, eski mashinalarni rasman hisobdan chiqarish bilan bog‘liq.
Soliq va eski mashinalar
Avtopark qisqarishining asosiy sabablaridan biri transport solig‘i oshishi hisoblanadi. Oliy iqtisodiyot maktabining Transport iqtisodiyoti instituti ilmiy direktori Mixail Blinkinga ko‘ra, harakatlanishdan qolgan, amalda metallolomga aylangan mashinalar ham yillar davomida hisobda qolaverar edi.
«Hududlarda transport solig‘i oshgach, odamlar eski mashinalarni rasmiy ravishda hisobdan chiqara boshladi», — deydi u. Bu jarayon internetdagi qiziqish dinamikasida ham aks etdi. «Yandeks.Vordstat» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida «mashinani hisobdan chiqarish» so‘rovlari oyiga 88 mingtadan 122 mingtagacha oshgan.
Ushbu o‘sish Moskva, Moskva oblasti, Krasnodar o‘lkasi va boshqa hududlarda 2026 yil 1-yanvardan transport solig‘i oshirilishi haqida qarorlar qabul qilingan paytga to‘g‘ri keldi. Bu esa avtoparkdagi eski va ishlatilmaydigan mashinalarni saqlab turish iqtisodiy ma’nosiz bo‘lib qolganini ko‘rsatadi.
Yangilanish sekinlashdi
Shu bilan birga, Rossiyada avtoparkni yangilash sur’ati keskin pasaygan. «Za rulyom» jurnali bosh muharriri Maksim Kadakovning ta’kidlashicha, avtopark tabiiy ravishda yangilanishi uchun yiliga kamida 2,2–2,5 millionta yangi yengil avtomobil sotilishi kerak.
Ammo 2025 yilda bozorda atigi 1,32 millionta yangi avtomobil sotilgan, bu esa oldingi yilga nisbatan 15,6 foizga kam. Ekspertga ko‘ra, 2000-yillar boshida sotib olingan mashinalar hozir o‘z xizmat muddatining oxiriga yetib kelgan. «Ayniqsa, yuridik shaxslar yoki davlat tashkilotlarida foydalanilgan mashinalarni ekspluatatsiya qilish mumkin emas. U allaqachon temir-tersak», — degan Kadakov.
Rossiya prezidenti tasdiqlagan yo‘l harakati xavfsizligi strategiyasida ham avtoparkning qarishi eng jiddiy muammolardan biri sifatida qayd etilgan. 2024 yil holatiga ko‘ra, mamlakatdagi yengil avtomobillarning 23 foizi 15 yildan ortiq muddat xizmat qilgan.





