
Rossiyadagi strategik bombardimonchi samolyotlar zavodi kengaytirilmoqda
29.06.2025 | 20:3021014
Rossiyada yagona harbiy aviatsiya korxonasi ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda.

Rossiyaning Qozon aviatsiya zavodi – strategik samolyotlar ishlab chiqaruvchi yagona korxona – so‘nggi oylarda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga kirishdi. Finlyandiyaning Yle nashri yozganidek, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida zavod hududida 19 ming kvadrat metr maydonni egallagan yangi angarlar qurilayotgani aniqlangan. Ulardan eng yirigining uzunligi 320 metrga yetadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning o‘zida korxona maydoniga minglab kvadrat metr yangi ishlab chiqarish infratuzilmalari qo‘shilgan. Bu uchun taxminan 90 mlrd rubl (1 milliard yevro) sarflangan. Rejaga ko‘ra, loyiha 2026 yil oxiriga qadar yakunlanadi. Zavodning imkoniyatlarini kengaytirish orqali Rossiya Ukrainadagi urushda yo‘qotgan bombardimonchilarning o‘rnini to‘ldirish va fuqaro aviatsiyasi ehtiyojlarini ta’minlash niyatida bo‘lishi mumkin.
Qozon aviatsiya zavodi «Tu-160M” va «Tu-160M2» kabi strategik samolyotlarni ishlab chiqaradi. Ushbu uchish apparatlari Rossiya tomonidan Ukrainaga raketa zarbalari berishda faol qo‘llanilmoqda. Shuningdek, zavod «Tu-22M3» bombardimonchilarini modernizatsiya qilish bilan ham shug‘ullanadi.
Shu bilan birga, harbiy ekspertlar korxonadagi ishlab chiqarish sust kechayotganini ta’kidlamoqda. 2024 yilda zavod Rossiya aerokosmik kuchlariga faqat bir nechta modernizatsiya qilingan samolyot yetkazib bergan. Bu esa sanksiyalar sababli ehtiyot qismlar yetishmovchiligi va mutaxassislar tanqisligi bilan bog‘liq.
Fuqaro aviatsiyasi sohasida ham ishlar sekin ketmoqda: buyurtma qilingan 23 ta «Tu-214» samolyotidan faqat bittasi tayyorlangan. Ukraina maxsus xizmati tomonidan 1 iyun kuni amalga oshirilgan «O‘rgimchak to‘ri» amaliyoti natijasida Rossiya bir qator bombardimonchilaridan mahrum bo‘ldi. Shu bois Qozondagi zavodni kengaytirish zarurati yanada oshgan.





