
Rossiyalik deputat dollar kursini 108 rublgacha chiqarishni taklif qildi
30.07.2025 | 10:4521953
Rossiyada rublning so‘nggi kunlarda keskin qadrsizlanishi davlat byudjeti uchun qo‘l kelishi mumkin. Davlat Dumasi deputati Aleksey Govirin dollar kursini 108 rublgacha oshirishni iqtisodiy zarurat deb hisoblamoqda.

Uning fikricha, rublning qadrsizlanishi faqat xavf emas, balki eksport, sanoat va byudjet uchun imkoniyat sifatida baholanishi kerak. Ayniqsa, rubl juda kuchli bo‘lib qolsa, eksportchi kompaniyalar rubldagi daromaddan mahrum bo‘ladi va byudjetga tushum kamayadi.
2025 yil boshidan rubl dollar va yevroga nisbatan 40 foizgacha mustahkamlandi. Natijada neft va gazdan tushadigan daromad 14 foizga kamaydi, may–iyun oylarida esa pasayish 30 foizdan oshdi. Davlat byudjeti 4 trln rubllik taqchillikka yuz tutdi. Bu Moliya vazirligi prognozidan uch baravar ko‘p.
Ekspertlar devalvatsiyani byudjetni qutqarish uchun «eng real yo‘l» sifatida ko‘rmoqda. «Alfa-Kapital» mutaxassisi Aleksandr Abramyan hisob-kitobiga ko‘ra, dollar kursi har 1 rublga oshsa, byudjet yiliga 130–200 mlrd rubl qo‘shimcha daromad oladi. Demak, 100 rubllik kurs byudjetka 1,5–2 trln rubl olib kelishi mumkin.
Bu orqali Rossiya iqtisodiyotiga bosimni yengillatish, eksportni rag‘batlantirish va global neft bozoridagi imkoniyatlardan foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, hukumat va Markaziy bank 2025 yil may oyidayoq bu ssenariyni muhokama qila boshlagan.





