add

Rossiyaning olmos eksporti so‘nggi 10 yil ichida eng past darajaga tushdi

2024 yilda Rossiyaning olmos eksporti so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushdi. Kimberli jarayoni ma’lumotlariga ko‘ra, sof hajmda eksport 6,3 foizga kamayib, 30,37 mln karatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2015 yildagi 30,8 mln karatdan ham past bo‘lib, 2021 yildagi 48,6 mln karatlik eksportdan ham ancha kamdir.

Rossiyaning olmos eksporti so‘nggi 10 yil ichida eng past darajaga tushdi
Pul ifodasida eksport 28,6 foizga qisqarib, 2,62 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunga Rossiya olmoslariga bo‘lgan talabning pasayishi va narxlarning tushishi sabab bo‘ldi. 2024 yilda Rossiya olmosining o‘rtacha narxi 24 foizga arzonlashib, karat uchun 86,36 dollarni tashkil etdi. Bu orada, jahon bozorida o‘rtacha narx atigi 10 foizga kamayib, karat uchun 105,33 dollar bo‘ldi. Rossiyaning olmos eksportdagi ulushi sof hajmda 11 foiz darajasida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, pul ifodasida 10 foizdan 9 foizga tushdi. Shu bilan birga, 2024 yilda Rossiya jahon olmos ishlab chiqarishining 32 foizini ta’minladi. Rossiyaning eng yirik olmos ishlab chiqaruvchisi "Alrosa" kompaniyasi AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ta’sirida katta moliyaviy yo‘qotishlarga uchradi. 2024 yilda kompaniya sof foydasi 4,4 baravarga kamayib, 19,3 mlrd rublni tashkil etdi. Shuningdek, kompaniya zaxiralarida 129,9 mlrd rubl (taxminan 1,3 mlrd dollar) qiymatidagi sotilmagan olmoslar to‘plandi. Bu holat Hindiston kabi yirik importyorlarning Rossiya olmoslariga bo‘lgan talabining keskin pasayishi bilan bog‘liq. Alrosa kompaniyasi 2025 yilda kam rentabelli konlarda ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatish va xodimlar sonini qisqartirish rejasini e’lon qildi. Bu chora-tadbirlar global bozor narxlarining pasayishi va G7 hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya olmoslariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar manzarasida amalga oshirilmoqda. Yevropa Ittifoqi 2024 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya olmoslari va olmos zargarlik buyumlarini import qilishni taqiqladi. Bu sanksiyalar Rossiyaning olmos sanoatiga jiddiy zarba bo‘lib, kompaniyalarni yangi bozorlar izlashga majbur qilmoqda. Rossiya olmos sanoati hozirda global talabning pasayishi, narxlarning tushishi va sanksiyalar ta’sirida inqiroz holatiga duch kelmoqda. "Alrosa" kompaniyasining ishlab chiqarishni qisqartirish va xodimlar sonini kamaytirish rejalari bu sohadagi muammolarni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiyaning olmos eksporti so‘nggi 10 yil ichida eng past darajaga tushdi | Vaqt.uz