Logo

Ro‘yxatdan o‘tmagan chet elliklarni joylashtirganlarga jazo kuchaytiriladi

Bugun 13:252 daqiqa

O‘zbekistonda xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qabul qilayotgan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish obyektlari uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif etildi.

Ro‘yxatdan o‘tmagan chet elliklarni joylashtirganlarga jazo kuchaytiriladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan joylashtirganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasining 22-iyul kungi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattorovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimi 27 foizga oshib, 5,5 million nafarga yetgan. Ayni paytda 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib amal qilmoqda hamda elektron viza tizimi joriy etilgan.

Shu bilan birga, ayrim mehmonxonalar, xostellar, sanatoriylar, pansionatlar, kempinglar va xususiy hamda davlat davolash muassasalari xorijliklarni «E-mehmon» tizimi orqali vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qabul qilayotgani qayd etildi.

Javobgarlik kuchaytiriladi

IIVga ko‘ra, ro‘yxatga olish talablarining buzilishi chet elliklarning haqiqiy joylashuvini aniqlashda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, bunday amaliyot ayrim subyektlarga soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va yashirin iqtisodiyotni kengaytirish imkonini bermoqda.

Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225-moddasiga joylashtirish obyektlari va davolash muassasalari mansabdor shaxslari uchun xorijliklarni ro‘yxatga olish qoidalarini buzganlik bo‘yicha alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda.

Shuningdek, bir yil ichida takroran sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jazoni og‘irlashtirish hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz shaxslarni joylashtirishga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirish nazarda tutilgan. Bunday ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ichki ishlar organlariga berish taklif qilinmoqda.

Qonunlar uyg‘unlashtiriladi

Loyiha doirasida amaldagi qonunchilikni yagona terminologiyaga moslashtirish ham rejalashtirilgan. Xususan, 24 ta qonunga texnik o‘zgartishlar kiritilib, «doimiy yashash joyi» va «vaqtinchalik yashash joyi» atamalarini mos ravishda «yashash joyi» va «turgan joyi» tushunchalari bilan almashtirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil oktabr oyidan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirgan. Unga muvofiq, «E-xabar berish» tizimi orqali doimiy yashovchi xorijliklarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish mexanizmi joriy etilgan.

Teglar

Mavzuga oid