
Rubio AQSH prezidenti saylovlarida nomzodini ilgari surish haqida gapirdi
AQSH davlat kotibi Marko Rubio Fox News telekanaliga bergan intervyusida respublikachilar partiyasidan keyingi saylovlarda asosiy nomzod kim bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Menimcha, keyingi saylovlarda Respublikachilar partiyasidan AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens nomzod bo‘ladi, agar u saylovda qatnashishga qaror qilsa», — dedi Rubio intervyuda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vitse-prezident uning yaqin do‘sti bo‘lib, o‘z ishini «juda yaxshi bajarayapti». Rubio shuningdek, Donald Trampning jamoasi «a’lo darajada ishlayapti», deb ta’kidlab, «men ham, Vens ham prezident dasturini amalga oshirish uchun harakat qilyapmiz», — deya qo‘shimcha qildi.
Avgust oyida Donald Tramp ham o‘z navbatida Vensni respublikachilar partiyasidan kelgusi prezidentlik saylovlarida eng ehtimolli nomzod sifatida atagan edi. Uning ta’kidlashicha, hozircha voris haqida gapirishga erta, biroq vitse-prezident uning «favoriti» va lavozimini a’lo darajada bajarmoqda.
Tramp, shuningdek, partiya ichida boshqa kuchli nomzodlar ham borligini, jumladan Marko Rubio ham ular orasida ekanini qayd etdi.
O‘z navbatida, Jey Di Vens o‘shanda «ayni paytda prezidentlik saylovlari haqida emas, o‘z ishiga to‘liq e’tibor qaratayotganini» bildirgan edi.





