
Rubl yil boshidan buyon eng katta kunlik qadrsizlanishni boshidan kechirdi
Donald Tramp Rossiyaga nisbatan ultimatum muddatini qisqartirishi haqidagi bayonotidan so‘ng rubl sezilarli ravishda qadrsizlandi. Bu yilning eng yirik kunlik pasayishi qayd etildi.

The Moscow Times nashrining yozishicha, AQSH prezidenti Putindan Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun avvalida berilgan 50 kunlik muddatni 10–12 kungacha qisqartirdi. Bu esa geosiyosiy xavfni oshirib, yangi sanksiyalar xavfini kuchaytirdi. Tahlilchi Dmitriy Babinga ko‘ra, ehtimoliy sanksiyalar Rossiya neft eksport tarmog‘iga ta’sir qilishi mumkin. Bu esa xorijiy valyuta tushumini yanada cheklaydi.
Trampning bayonotidan so‘ng, yuanning rublga nisbatan kursi 2,55 foizga ko‘tarilib, 11,3450 rublga yetdi. Foreks bozorida dollar 4 foizga oshib, 82,92 rublni, yevro esa 1,3 foizga ko‘tarilib, 94,38 rublni tashkil qildi. Rossiyaning tashqi bozorida esa dollar 2,4 foizga qimmatlashdi va 81,11 rublga yetdi.
Tramp 14 iyulda Putindan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan edi. Biroq so‘nggi kunlarda Rossiya yangi hujumlar boshlab, Dnepropetrovsk, Sumi va Xarkivga zarbalar tayyorlayotgani xabar qilindi. Reuters manbalariga ko‘ra, Putin urushni to‘xtatish o‘rniga frontni kengaytirishga harakat qilmoqda.
Tramp Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashuvda shunday dedi: «Biz bir necha marta kelishganmiz deb o‘ylagandik. Lekin keyin Putin yana Kiyevga raketalar otdi. Qariyalar uyiga tushgan zarbada ko‘p odam halok bo‘ldi. Bu mumkin emas».
AQSH rahbarining ta’kidlashicha, agar Kreml 10–12 kun ichida javob bermasa, Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga 100 foiz boj joriy etilishi mumkin. Bu choralar Xitoy, Hindiston va Turkiyani qamrab oladi. «Men saxiy bo‘lishni xohlardim, lekin hech qanday ilgarilash yo‘q», dedi Tramp.





