«Safia» 2025-yil 1,2 trln so‘m daromad oldi

Bugun 14:392 daqiqa

Kompaniya daromadi keskin o‘sgan bo‘lsa-da, xarajatlar ham oshgani hisobiga sof foyda ancha kam bo‘ldi — 5,2 mlrd so‘m.

«Safia» 2025-yil 1,2 trln so‘m daromad oldi

2025-yili «Safia» brendi ostida faoliyat olib boruvchi «Madina-Qandolat» MCHJ 1,2 trln so‘m daromad oldi. Bu haqda iHamkor.uz’da ko‘rsatilgan hisobotdan ma’lum bo‘ldi.

Daromad yuqori bo‘lishiga qaramasdan, «Safia» qandolat mahsulotlari tarmog‘i o‘tgan yil davomida atigi 5,2 mlrd so‘mlik sof foyda olgan.

Bunga sotilgan mahsulotlar uchun katta miqdorda — 936,3 mlrd so‘mlik xarajat qilingani sabab bo‘ldi. To‘langan soliqlar o‘tgan yili 44,2 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniya daromadi 2024-yiliga nisbatan 6 barobardan ko‘proqqa oshdi. Bunga «Safia» brendi ostida faoliyat yurituvchi kompaniyalar «Madina-Qandolat» MCHJ ostida birlashishi ham sabab bo‘ldi.

«Safia» biznes sifatida o‘syotgani Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida ham ko‘rinmoqda. 2025-yili yanvarida kompaniyada 441 mingta chek ro‘yxatdan o‘tkazilib, aholi 482,1 mlrd so‘m keshbek olgandi.

2026-yili yanvariga kelib oylik cheklar soni 700 mingdan oshdi. Keshbek summasi esa qariyb 750 mlrd so‘mga yetdi.

Kompaniya xarid cheklari eng ko‘p ro‘yxatdan o‘tkazilgan korxonalar orasida «Korzinka», «Havas» va «Olma» supermarketlaridan keyin to‘rtinchi o‘rinda turadi.

Daromad bo‘yicha «Safia» O‘zbekistondagi barcha restoran tarmoqlari, jumladan yetakchi «KFC»dan ham o‘tib ketdi. «KFC» 2025-yili 1,06 trln so‘m daromad olib, «Evos»ni ortda qoldirgandi. «Evos» daromadi 835 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Shunga qaramay, «KFC» va «Evos»da foyda ko‘rsatkichlari ancha yuqoriroq.

«Safia» biznesining boshlanishi 2001-yiliga borib taqaladi. 2015-yilidan beri kompaniya «Safia» brendi ostida faoliyat yuritib kelmoqda.

So‘nggi yillarda biznes O‘zbekistonda kengayib bormoqda. Ayni vaqtda tarmoqda 4 500 nafarga yaqin xodim ishlaydi.

Teglar

Mavzuga oid