
Saida Mirziyoyeva Sadir Japarov bilan uchrashdi
20.08.2025 | 18:3049883
Bishkekda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan Bishkekda uchrashuv o‘tkazdi.

20 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash, yoshlar siyosati yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, Mirziyoyeva chegara masalalari bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvlar, milliy ID hujjatlarini o‘zaro tan olish, qo‘shma korxonalar hamda Qambarota GES-1 va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li kabi yirik umumiy loyihalarni eng yaqin qo‘shni va strategik hamkor sifatida munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotganligini aytib o‘tgan.
Uchrashuv davomida Bishkekda ikki mamlakat yoshlari ishtirokida «Zakovat» intellektual o‘yinini tashkil etish masalasi ham ko‘tarildi. Saida Mirziyoyeva «Zakovat» Osiyo kubogi finali munosabati bilan Qirg‘iziston poytaxtiga borgan edi. Bu haqida u o‘z telegram kanalida xabar bergan.
Sadir Japarov muzokaralar yakunida Mirziyoyevani mas’uliyatli davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishini ta’kidladi.
Shuningdek, Bishkekda Saida Mirziyoyeva va Qirg‘izistonning birinchi xonimi Aygul Japarova ishtirokida «Dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirayotgan yetakchi ayol» forumi ham boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun kechqurun Bishkekda «Zakovat» Osiyo kubogi finali bo‘lib o‘tadi.





