
Saidov arab-islom sammiti ishtirokchilariga Mirziyoyev murojaatini yetkazdi
17.09.2025 | 23:0042065
Mirziyoyev O‘zbekiston Qatar xalqi va barcha musulmon davlatlari bilan birdamligini tasdiqlab, Yaqin Sharqda xavfsizlikka tahdid solayotgan Isroil tajovuzlarini qat’iy qoralagan.

Kecha, 15 sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Favqulodda arab-islom sammitida ishtirok etdi va ishtirokchilarga prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatini yetkazdi.
Saidov dastlab prezidentning samimiy salomlarini yetkazdi, shundan so‘ng O‘zbekiston Qatar xalqi va barcha musulmon davlatlari bilan birdamligini tasdiqlab, Yaqin Sharqda xavfsizlikka tahdid solayotgan harbiy tajovuzlarni qat’iy qoralagan.
Mirziyoyev murojaatida keltirilishicha, O‘zbekiston o‘zining qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlaydi. Unga ko‘ra:
- Barcha mojarolar tinch yo‘l va diplomatiya yordamida hal qilinishi lozim;
- Xalqaro hamjamiyat zo‘ravonlikni to‘xtatish va vaziyatning yanada keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch choralar ko‘rishi zarur;
- BMT qarorlariga muvofiq Falastin xalqining mustaqil davlat tuzish bo‘yicha qonuniy huquqi hurmat qilinishi shart;
- O‘zbekiston jabrlanganlarga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyor, bu allaqachon mamlakatimizda falastinlik fuqarolarning bir guruhini qabul qilish va qo‘llab-quvvatlash orqali namoyon bo‘ldi.
Dohada o‘tgan favqulodda arab-islom sammitida qariyb 60 davlat rahbarlari Isroilning Qatarga hujumini qoralab, G‘azodagi urushni «qirg‘in kampaniyasi» deb atadi. Yig‘ilishda Isroil bilan diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish taklifi bildirildi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar orqali javobgarlikka tortish masalasi ko‘tarildi.
Sammit davomida Qatar amiri shayx Tamim bombardimonni «qo‘rqoq hujum» deb baholab, amaliy choralar ko‘rishga chaqirdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Isroil hukumatini «qonxo‘r tafakkur»da aybladi. Misr prezidenti Abdul Fattah as-Sisi tinchlikka tahdid haqida ogohlantirdi. Eron va Malayziya yetakchilari esa Isroil bilan aloqalarni uzish va qattiq choralar ko‘rish zarurligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Doha va Quddusda diplomatiya davom etayotgan bir paytda Isroil kuchlari G‘azo shahriga hujumlarini davom ettirmoqda. Mahalliy sog‘liqni saqlash organlari xabariga ko‘ra, kecha uylar va ko‘chirilgan oilalar yashayotgan chodirga berilgan zarbalarda kamida 16 falastinlik halok bo‘ldi.
Isroil armiyasi G‘azodagi eng baland bino bo‘lishi mumkin bo‘lgan 16 qavatli inshootni vayron qildi. 2023 yil oktyabr oyida Isroilning G‘azodagi genotsid ko‘rinishidagi urushi 64 mingdan ortiq falastinlik o‘limiga olib keldi.





