
Saidov hamda O‘zbekistonning kuch tuzilmalari rahbarlari Erdo‘g‘an qabulida bo‘ldi
Uchrashuv avvalida Baxtiyor Saidov Turkiya rahbariga Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomlarini yetkazdi.
© Фото: t.me/bakhtiyor_saidov Bugun, 20-yanvar kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, ichki ishlar vaziri Azaz Toshpo‘latov, mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov va Davlat xavfsizlik xizmati raisi general-leytenat Bahodir Qurbonov ishtirok etgan.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Baxtiyor Saidov Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomlari va ezgu tilaklarini Turkiya rahbariga yetkazgan.
«Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar ijobiy rivojlanish sur’atini ko‘rsatayotgani, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun eng qulay sharoitlarni yaratayotganini ta’kidladik», - deya yozdi Saidov o‘zining Telegram-kanalida.
Uchrashuv doirasida vazirliklar va idoralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan «4+4» mexanizmi muhokama qilingan.
«Bugungi “4+4” mexanizmi doirasidagi uchrashuv hukumatlarimizning turli idoralari o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanayotganining yana bir isbotidir. Tashqi ishlar vazirliklari bundan keyin ham bor imkoniyatlarini Rahbarlarimiz o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishga yo‘naltiradilar», - deya yozdi Baxtiyor Saidov.
Shuningdek, bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Anqara shahrida Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bilan uchrashgan.





