
Samarqandda chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi
18.07.2025 | 16:0043823
Samarqand shahrida maishiy chiqindilarni yo‘q qilish va undan energiya olishga ixtisoslashgan yangi chiqindi yoquvchi zavod qurilishi boshlandi. Loyiha Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda va umumiy qiymati 150 million dollarga baholanmoqda.

Bu loyiha Prezidentning 2025 yil 24 martdagi PQ-118-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar asosida chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilib, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi.
18 iyul kuni Samarqand shahridagi «Xushrav» qishlog‘ida joylashgan «Navro‘z» mahallasida 15 gektar maydondagi zavod qurilishi rasman boshlandi. Marosimda agentlik direktori Sharifbek Hasanov, viloyat hokimi va Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Zavodning umumiy qiymati 150 mln dollar bo‘lib, loyiha 2025–2027 yillarda bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. U kuniga 1500 tonna chiqindidan qayta ishlab, yiliga 240 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, 150–200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
«O‘zenergosotish» kompaniyasi 30 yil mobaynida tayyor energiyani kafolatli xarid qilish bo‘yicha kelishuv imzolagan. Prezident tomonidan ma’qullangan bu loyiha mamlakatda yana 8 ta shunga o‘xshash zavod qurilishini ham nazarda tutadi. Ushbu tashabbuslar O‘zbekistonning ekologik barqarorligi va kelajak avlodlar uchun toza muhit yaratishga xizmat qiladi.





