Samarqandda qariyb 7 mlrd dollarlik 106 ta yangi loyihaga start berildi

Bugun 16:433 daqiqa

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 700 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘lishi aytilmoqda.

Samarqandda qariyb 7 mlrd dollarlik 106 ta yangi loyihaga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18-mart kuni Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda shahar va tumanlarda qariyb 7 milliard dollar investitsiya hisobiga 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berildi. Tadbirga videoaloqa orqali yangi qurilayotgan va ishga tushirilayotgan loyihalarning mas’ullari ham ulandi.

Ushbu loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Jumladan, tog‘-kon sanoati va geologiya, qurilish materiallari, avtosanoat, kimyo sanoati, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda istiqbolli obyektlar qurilishini boshlash nazarda tutilgan.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihalar ijrochilari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Bu kabi loyihalar Samarqand viloyatining sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab berdi.

Jumladan, Avstriya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda 2 milliard 400 million dollarlik 53 ta loyiha ishga tushdi.

Shuningdek, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda 4 milliard 600 million dollarlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 700 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va eksport geografiyasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Suv resurslari va nasos stansiyalari

Shu yerning o‘zida Prezidentga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.

Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSH asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.

Umuman, Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid