
Samsung Galaxy S26 Ultra qanday ranglarda taqdim etilishi ma’lum bo‘ldi
Yangi flagman to‘rt rangda chiqadi, Ultra versiya esa eng ilg‘or 3 nanometrli chip bilan jihozlanadi.

Samsung kompaniyasining yangi flagman smartfoni Galaxy S26 Ultra haqida navbatdagi tafsilotlar oshkor etildi. Mashhur insayder Ice Universe tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma bozorga to‘rt xil rangda chiqariladi va apparat platformasi jihatidan boshqa modellardan sezilarli darajada farq qiladi.
Manbaga ko‘ra, Galaxy S26 Ultra qora, oq, ko‘k va binafsha rang variantlarida sotuvga chiqadi. Bu ranglar Samsung’ning premium segmentdagi an’anaviy uslubini saqlab qolgan holda, yangi seriyani vizual jihatdan ajratib ko‘rsatishga qaratilgan. Kompaniya ayni paytda dizaynni yangilash bilan birga, texnik imkoniyatlarni ham kuchaytirishga urinmoqda.
Apparat ta’minoti nuqtai nazaridan, Galaxy S26 seriyasi ichida eng katta farq aynan Ultra modelida kuzatiladi. Galaxy S26 va Galaxy S26+ smartfonlari 2 nanometrli texnologiya asosida ishlab chiqarilgan Exynos 2600 chipi bilan jihozlanadi. Galaxy S26 Ultra esa 3 nanometrli texprotsessga ega Snapdragon Elite Gen 5 protsessoridan foydalanadi, bu esa unga yuqori unumdorlik va energiya samaradorligini ta’minlashi kutilmoqda.
Ishlab chiqarish jarayonlari ham turlicha sur’atda olib borilmoqda. Galaxy S26 Plus uchun komponentlar ishlab chiqarilishi o‘tgan oy boshlangan. S26 va S26 Plus modellarining yakuniy yig‘ilishi joriy oyda start olgan. Shu bilan birga, Galaxy S26 Ultra boshqa modellarga nisbatan ertaroq ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga chiqarilgan.
Ayni paytda Ultra versiyasi yuqori hajmda tayyorlanayotgani aytilmoqda. Bu Samsung’ning aynan ushbu modelga bo‘lgan bozor talabini oldindan yuqori baholayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, Samsung kompaniyasining Samsung Galaxy S26 smartfonlari 11-martdan sotuvga chiqadi. Fransiyaning Dealabs nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu sana AQSHda 25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy taqdimotdan ikki hafta o‘tib belgilangan.
Galaxy S26 liniyasiga an’anaviy tarzda uchta model kiradi. Bular oddiy Galaxy S26, kattaroq ekranli Galaxy S26 Plus va eng kuchli Galaxy S26 Ultra hisoblanadi.




