
Saudiyaliklar Tramp sharafiga 1 mlrd dollarlik osmono‘par bino qurishmoqchi
Qizil dengiz sohilidagi 47 qavatli hashamatli majmua - «Trump Plaza Jeddah» may oyida qurilish oldi bosqichiga kirgan.

Saudiya Arabistonidagi yirik qurilish kompaniyasi Dar Global kompaniyasi Trump Organization bilan hamkorlikda shahar qiyofasini o‘zgartirishi mo‘ljallangan ikkinchi qo‘shma loyiha - 1 milliard dollarlik «Trump Plaza Jeddah»ni qurish rejasini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatining xabarida aytilgan.
Qurilish Jidda shahri markazida, Qirol Abdulaziz yo‘li bo‘ylab joylashadi va yuqori toifadagi turar-joylar, xizmat ko‘rsatiladigan apartamentlar, A toifasidagi ofis binolari hamda eksklyuziv taunhauslarni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha dekabrda ishga tushirilgan «Trump Tower Jeddah»dan keyingi yirik qadam sifatida qayd etilmoqda.
«Trump Plaza Jeddah» - Saudiya Arabistoni uchun innovatsion g‘oya va Dar Global hozirga qadar amalga oshirgan eng ulkan loyihalardan biridir», - dedi Dar Global bosh direktori Ziad El Chaar.
Ziad El Chaarga ko‘ra, majmua Nyu-Yorkdagi Manhettendan ilhomlangan bo‘lib, markaziy bog‘ va zamonaviy shahar muhiti uyg‘unligi orqali Jiddani Saudiyaning madaniy va tijorat markazi sifatida yanada mustahkamlaydi.
Loyiha Saudiya Arabistonida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan «Vision 2030» dasturi doirasida yuqori darajadagi ko‘chmas mulk sektorining o‘sishi fonida amalga oshirilmoqda. 2024 yilga kelib qirollik infratuzilmaga 4,9 trillion Saudiya riyoli (1,3 trillion AQSH dollari) sarmoya kiritib, bir milliondan ortiq yangi turar-joy binosini va yetti million kvadrat metr savdo hamda ofis maydonlarini barpo etishni rejalashtirmoqda.
AQSH prezidenti Donald Trampning o‘g‘li Erik Tramp tasdiqlashicha, Qizil dengiz sohilidagi 47 qavatli hashamatli majmua - «Trump Plaza Jeddah» may oyida qurilish oldi bosqichiga kirgan.





