
«Semurg Insurance» sug‘urta kompaniyasining litsenziyasi vaqtincha to‘xtatildi
Regulyator qaroriga ko‘ra, kompaniya yangi shartnomalar tuzish huquqidan mahrum etildi va kamchiliklarni bartaraf etishi shart.
© Фото: spot.uz Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «Semurg Insurance» sug‘urta kompaniyasiga berilgan litsenziya amal qilishini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi. Qaror natijasida kompaniya endilikda yangi sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalarini tuzishi, shuningdek, amaldagi shartnomalarni uzaytirishi mumkin emas.
Ma’lum qilinishicha, «Semurg Insurance»ga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun 2025 yil 7-oktabrda 1081744-sonli litsenziya berilgan. Ammo aniqlangan qonunbuzarliklar va regulyator talablariga to‘liq rioya etilmagani sababli mazkur litsenziyaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu davrda kompaniyaga sug‘urta bozorida faol operatsiyalarni kengaytirish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, agentlik qarorida «Semurg Insurance» ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda to‘liq bajarishi shartligi alohida qayd etilgan. Ya’ni litsenziya to‘xtatilishi mijozlar oldidagi mavjud majburiyatlarni bekor qilmaydi.
Regulyator shuningdek, litsenziyasi to‘xtatilgan barcha sug‘urta tashkilotlariga kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmaguncha yangi shartnomalar tuzmaslikni tavsiya qildi. Bu chora bozorda shaffoflik va mijozlar manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil kuzida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «Semurg Insurance»ni 31,5 million so‘m jarimaga tortgan edi. 2025 yil oktabrida esa kompaniya litsenziyasining majburiy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish qismi bekor qilingan. Shundan so‘ng litsenziya umumiy sug‘urta sohasida faqat ixtiyoriy sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun qayta rasmiylashtirilgan edi.





