add

Senat TDT doirasida favqulodda vaziyatlarda hamkorlikni rasman tasdiqladi

Tabiiy ofatlar paytida o‘zaro yordam va tajriba almashishni nazarda tutuvchi bitim ratifikatsiya qilindi.

Senat TDT doirasida favqulodda vaziyatlarda hamkorlikni rasman tasdiqladi
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida fuqarolik mudofaasi mexanizmini yaratish to‘g‘risidagi xalqaro bitimni ratifikatsiya qildi. Mazkur qaror parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida qabul qilindi. Bitim 2024 yil 6 noyabr kuni Bishkekdagi TDT yig‘ilishida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya tomonidan imzolangan. U favqulodda vaziyatlarda, xususan, tabiiy ofatlar vaqtida a’zo davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro yordamni tashkil qilish va qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirishni ko‘zda tutadi. Hujjatga ko‘ra, yordam faqat zarar ko‘rgan mamlakat tomonidan rasmiy iltimos asosida ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, bitim qatnashchi davlatlar o‘rtasida favqulodda vaziyatlarda tajriba almashish va qutqaruv operatsiyalarini tashkil etish masalalarini ham qamrab oladi. Senatorlar fikriga ko‘ra, mazkur ratifikatsiya O‘zbekistonning tabiiy ofatlarning oldini olish, ularni prognozlash va tahlil qilish sohasidagi xalqaro hamkorligini mustahkamlab, yangi bosqichga olib chiqadi. Bitimning amalga oshirilishi TDT doirasidagi integratsiyani chuqurlashtirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Senat TDT doirasida favqulodda vaziyatlarda hamkorlikni rasman tasdiqladi | Vaqt.uz