
Senator Milliy teleradiokompaniya raisiga so‘rov yubordi
11.08.2025 | 19:1040103
So‘rovda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun radiotarmoq ob’ektlarida xavfsiz va qulay mehnat muhitini ta’minlash zarurligi qayd etilgan.

Oliy Majlis Senati Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova Milliy teleradiokompaniya raisi Abdurashid Juraboyevga senator so‘rovi yo‘lladi. Toshkentdagi radio eshittirish uyida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bir qator infratuzilmaviy muammolar aniqlangan.
Ushbu besh qavatli bino 1966 yilda qurilgan bo‘lib, unda «O‘zbekiston», «O‘zbekiston 24», «Yoshlar» radiolari, «Mahalla» teradiokanali va boshqa tuzilmalar faoliyat yuritadi. Yagona lift 1982 yildan beri ishlatilib kelingan, ammo 2023 yildan texnik talablarga javob bermagani sababli to‘xtatilgan. Bu holat 600 ga yaqin xodim va minglab ishtirokchilar, jumladan, nogironligi bo‘lganlar va keksa yoshdagilar uchun jiddiy qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Binoda panduslar, maxsus to‘siqlar yoki nogironlar aravachasi uchun ko‘targichlar yo‘q. Bu mehnat samaradorligi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ham salbiy ta’sir qilmoqda.
Senator lift tizimini zamonaviy talablar asosida yangilash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur infratuzilmani joriy etish va ko‘rilgan choralar bo‘yicha asoslangan ma’lumot taqdim etilishini so‘radi.





