
Senzura, bekor qilingan film va yashirin bosimlar: BBC ichkarisida nimalar bo‘lyapti?
05.07.2025 | 12:0014783
BBC'ning 100 dan ortiq xodimi rahbariyatga ochiq murojaat yo‘llab, G‘azo haqidagi yoritishlarda Isroil manfaatlari ustuvor qo‘yilayotganini tanqid qildi. Ular tahririyatdagi senzura va qo‘rquv muhitini ochiqdan-ochiq fosh etdi.

100 dan ziyod BBC xodimi bosh direktor Tim Deviga ochiq xat yo‘llab, teleradiokanalni G‘azoda davom etayotgan urushni yoritishda Isroil hukumatiga moyillikda aybladi. Ushbu murojaatga 300 nafardan ortiq media vakillari, jumladan aktyorlar Miriam Margolis, Charlz Dans va rejissyor Mayk Li ham qo‘shilgan.
Xatda BBC o‘z tahririy standartlariga amal qilmayotgani, gumanitar falokatga yetarli e’tibor bermayotgani ta’kidlangan. Yoritishlar ko‘p hollarda «Isroil hukumati va harbiylari uchun piar» vazifasini bajarayotgani qayd etilgan.
Noroziliklar «Gaza: Doctors Under Attack» nomli hujjatli filmning efirga chiqarilmasligi ortidan yanada avj oldi. Film tahririy guruh tomonidan ma’qullangan bo‘lsa-da, oxirgi bosqichda bekor qilingan. BBC bunga «betaraflikka putur yetishi mumkin» degan asos keltirdi, biroq ayrim manbalar filmda qatnashgan jurnalistlarning Isroilga nisbatan keskin bayonotlari qarorga ta’sir qilganini aytmoqda.
Xatda BBC ichida senzura mavjudligi, xodimlar ijtimoiy tarmoqlarda Isroilni tanqid qilgan maqolalarni bo‘lishgani uchun ta’na va bosimlarga duch kelayotgani ta’kidlangan.
Murojaatda BBC Boshqaruv kengashi a’zosi Robbi Gibbning iste’fosi ham talab qilingan. U yahudiylar bilan aloqasi tufayli falastinlarga qarshi qarashlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tanqid ostiga olingan.





