
Serbiya oltin zaxiralarini to‘liq vataniga qaytarmoqda
28.07.2025 | 15:4543693
Global inqirozlar fonida Serbiya Markaziy banki mamlakatga tegishli barcha oltin zaxiralarini o‘z hududiga qaytarishga qaror qildi. Bu orqali mamlakat o‘z aktivlarini tashqi xavflardan himoya qilishni maqsad qilmoqda.

Serbiya Markaziy banki 2025 yilda barcha oltin zaxiralarini mamlakat ichiga qaytarish jarayonini yakunlashni maqsad qilmoqda. Bu qaror 2021 yildan beri olib borilayotgan jarayonning davomi bo‘lib, unga global moliyaviy beqarorlik va geosiyosiy xavflar turtki bo‘lgan.
Markaziy bank bayonotida ta’kidlanishicha, «oltinning mamlakat hududida saqlanishi inqiroz davrida uning xavfsizligini kafolatlaydi». Agar bu reja amalga oshsa, Serbiya Sharqiy Yevropada o‘z oltini butunlay mamlakat hududida saqlaydigan ilk davlatga aylanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yildan 2023 yilgacha Serbiya 17 tonna oltinni xorijdan sotib olgan. Shuningdek, Zijin Mining Group kompaniyasidan yana 19 tonna oltin xarid qilingan. Hozirgi kunda mamlakatning umumiy oltin zaxirasi 50,5 tonna yoki taxminan 6 mlrd dollarga teng.
Bu zaxiralarning asosiy qismi poytaxt Belgradda saqlanmoqda. Faqatgina 2024 yilda xarid qilingan 5 tonna oltin hozircha Shveysariyada joylashgan bo‘lib, ular ham yaqin orada vataniga qaytarilishi kutilmoqda.
2022 yilda Rossiyaning valyuta zaxiralari muzlatib qo‘yilgandan so‘ng, dunyoning ko‘plab markaziy banklari dollar va yevrodagi aktivlar xavfiga javoban oltin zaxiralarini ko‘paytirishga harakat qildi. Shu bois oltinni xorij emas, o‘z hududida saqlash mustahkam moliyaviy mustaqillik va xavfsizlik garovi sifatida qaralmoqda.





