Sergeli avtomobil bozorida 100 nafar olibsotarning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi
Toshkentdagi Sergeli avtomobil bozorida o‘tkazilgan reydlar davomida 100 nafar noqonuniy vositachilik va olibsotarlik faoliyati bilan shug‘ullanganlar aniqlandi, ayrimlari ma’muriy jazoga tortildi, ikki nafari esa uzoq muddatga qamaldi.
© IIBB videosidan kadrToshkent shahridagi Sergeli avtomobil va ehtiyot qismlar bozorida noqonuniy olib-sotarlik bilan shug‘ullangan shaxslarga qarshi keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, xalq orasida «saygak» nomi bilan tanilgan vositachilar bozorga kelgan xaridorlarga ehtiyot qismlarini arzon va tez topib berishni va’da qilgan. Ammo amalda mahsulotlar odatiy narxidan ikki-uch barobar qimmat narxlarda sotilgan.
100 nafar shaxs aniqlandi
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, reydlar davomida bozor hududida noqonuniy vositachilik bilan shug‘ullangan 100 nafar shaxs aniqlangan va ularning barchasi tegishli tartibda rasmiylashtirish uchun tuman bo‘limiga olib borilgan.
Ulardan 50 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan bo‘lsa, 30 nafariga nisbatan ma’muriy qamoq va jarima jazolari qo‘llanilgan.
«Bunday noqonuniy vositachilar faoliyati sifatsiz mahsulotlar savdosining ko‘payishiga, narx-navoning sun’iy oshib ketishiga, iste’molchi tomonidan e’tirozlar ko‘payib, xaridorning bozorga bo‘lgan ishonchi pasayishiga sabab bo‘ladi», — deyiladi xabarda.
Sotuvchilarning ta’kidlashicha, ayrim olib-sotarlar bozorda 100 ming so‘mlik ehtiyot qismini bir necha baravar qimmat narxda sotib, xaridorlarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Bu holat bozorning obro‘si va mijozlar ishonchiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
«Mashina bozorida «saygak»lik qilar edim, noqonuniy ishlar edik. Noqonuniyligini tushunib yetdik. Tushuntirish ishlarini olib borishdi. Bu ishimizdan qattiq pushaymonman. Bundan buyog‘iga qonuniy ishlashga so‘z beraman. Kelgusida ishlayotgan bolalarga maslahatimiz, bu ishni qilmanglar, yaxshilikka olib kelmaydi», — deya ta’kidladi olibsotarlardan biri.
Ikki firibgar qamaldi
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil va 2026 yilning o‘tgan davri mobaynida mazkur bozorda sodir etilgan qonunbuzarliklar bo‘yicha o‘nga yaqin jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2026 yil yanvar oyida esa arzon avtomobil olib berishni va’da qilib fuqarolar mablag‘larini o‘zlashtirgan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarilgan.
Jumladan, fuqaro Tojiboyev juda ko‘p miqdordagi firibgarlik jinoyati uchun 9 yilga, Sherqobilov esa 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ichki ishlar organlari fuqarolarga mahsulot va xizmatlarni faqat rasmiy savdo nuqtalari orqali xarid qilishni tavsiya qildi.





