Shavkat Mirziyoyev ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabrikladi

06.03.2026 | 15:032 daqiqa

Prezident Ko‘ksaroyda bo‘layotgan tantanada xotin-qizlar huquqini himoya qilishga qaratilgan yangi tizim joriy etilgani va endilikda qonunlar gender ta’siri baholanmay qabul qilinmasligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan tantanali tadbirda mamlakat ayollarini 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tabrikladi. Davlat rahbari o‘z nutqida xotin-qizlar jamiyat taraqqiyoti va oila barqarorligining muhim tayanchi ekanini ta’kidladi.

«Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib, maydonga chiqayotgan 22 million yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz.

Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan aytganda, xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz», — dedi Prezident

Davlat rahbari mamlakatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan mutlaqo yangi tizim shakllanganini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda barcha qonun va qarorlar qabul qilinishidan oldin ularning gender masalalariga ta’siri albatta baholanadi.

Tadbirkor ayollar

Yaratilgan imkoniyatlar natijasida mamlakatda faol ayollar qatlami shakllanib bormoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda qariyb 230 ming nafar tadbirkor ayol faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 12 mingdan ortiq fermer ayollar qishloq xo‘jaligida samarali mehnat qilmoqda. Ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan olima ayollar soni esa 6 ming nafardan oshgan.

Prezident ayollarning sport sohasidagi yutuqlarini ham alohida ta’kidladi. Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida mamlakat qizlari xalqaro musobaqalarda 167 ta oltin, 193 ta kumush va 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Jahon miqyosidagi o‘rni

Mirziyoyev bu kabi islohotlar va natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganini aytdi. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning «Parlamentdagi ayollar» reytingida 92 pog‘onaga ko‘tarilib, 36-o‘rinni egalladi. «Gender tenglik va boshqaruv» indeksida mamlakat 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarilgan. Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» indeksida esa pozitsiyasi 43 pog‘onaga yaxshilanib, 48-o‘ringa chiqqan.

Teglar

Mavzuga oid